Farhodning jasorati...
“Farhodning jasorati” badiiy filmini bolalikda koʻrgandim.
“Farhodning jasorati” badiiy filmini bolalikda koʻrgandim. Kuni kecha oynai jahon orqali yana tomosha qilishga muvaffaq boʻldik.
Filmda aks ettirilgan voqealar, bosh qahramon – oʻzbekistonlik tankchi, kapitan Farhod Abbosovning matonati, jasorati, eʼtiqodda sobitligi, metin irodasi tomoshabinni befarq qoldirmaydi. Bosh rolni aktyor Javlon Hamroyev ijro etgan.
Asirga tushib qolgan Farhodning jangovar isteʼdodi, mardligi, qatʼiyati, Vataniga sadoqati fashistlarni lol qoldiradi. Zero, u artilleriyalardan yogʻdirilayotgan olovli oʻqlarga chap bergan, dushmanning front chizigʻini yakka tarzda buzib oʻtgan abjir jangchi. Asirlikdan tankda qochgan Farhod oʻlimga tik boqib, fashistlar eshelonini yakson qilib, oʻzi ham mardlarcha halok boʻladi. Uning matonati dushmanni ham hayratga soladi, rostmana havasini keltiradi.
Atoqli adib, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Ibrohim Rahim ssenariysi asosida rejissyor Albert Xachaturov tomonidan “Oʻzbekfilm” kinostudiyasida 1967-yilda ishlangan ushbu film nainki yurtimizda, balki xorijda ham hozirgacha sevib tomosha qilinadi.
Darhaqiqat, soxtaligu sunʼiylikdan yiroq boʻlgan bu kartina taʼsirchan, hayotiy, qaltis lavhalar, dramatizmga yoʻgʻrilgani sabab tomoshabinning chalgʻishiga imkon bermaydi. Rossiyalik ayrim harbiy publitsistlarning fikricha, “T-34” filmining gʻoyasi aynan oʻzbek kinokartinasiga asoslangan, degan ehtimollar bor.
Yaxshi filmni koʻrgan tomoshabinda undagi voqealar chindan ham sodir boʻlganmi, qabilidagi fikrlar tugʻilishi tabiiy. Darhaqiqat, ustoz adib Ibrohim Rahim Ikkinchi jahon urushida bevosita ishtirok etgan, oʻnlab shaharlarning fashizmdan ozod etilishida munosib hissa qoʻshgan, taʼbir joiz boʻlsa, dushmanni Berlingacha quvgan jangchi-ijodkor edi. Manbalarda keltirilishicha, u harbiylikni puxta egallashi bilan birga, Gʻarbiy, ikkinchi Boltiqboʻyi, ikkinchi Belarus frontlarida sapyor, harbiy muhandislik tuzilmasi boshligʻi, jurnalist, tankchi qism komandiri sifatida faoliyat koʻrsatgan. Koʻplab shaharlarni ozod etish, harbiy-dengiz bazalari, portlar, yirik inshootlarni qoʻlga olishda, dushman mudofaasini, fashistik guruhlarni yakson etishda bevosita ishtirok etgan.
Manbalarda qayd etilishicha, film voqealari kechgan joylar – Boltiq dengiziga janubdan tutash Pomeraniyadagi janglarda ham urush yillari ijodkorning oʻzi bevosita ishtirok etgan ekan. Agar Oʻzbekiston front uchun harbiylikning turli yoʻnalishlari bilan birga minglab tankchilarni ham tayyorlaganini inobatga olsak, Farhod jasoratli oʻzbek jangchilarining umumlashma obrazi – oʻziga xos prototipi ekaniga ishonch hosil qilish mumkin.
Ustoz yozuvchi harbiylikning bor mashaqqatini boshidan kechirgan ijodkor edi. Uning urushda koʻrgan-kechirganlari ijodi uchun tayyor hayotiy manba boʻlib xizmat qilgani tayin. Bularning bari uning harbiy mavzudagi ijod namunalarida, hikoya, ocherk, romanlarida oʻz aksini topgan.