Keyingi paytda gidroenergetika tizimida yangi quvvatlar ishga tushirilib, mavjudlari modernizatsiya qilinishi evaziga “yashil” energiya ishlab chiqarish hajmi oshirilmoqda.
Yaqinda Sirdaryo viloyatidagiFarhod gidroelektr stansiyasi modernizatsiya qilinib, yangilangan energetikquvvatda ishga tushirildi.
Ushbu stansiyada amalga oshirilgan ishlar va uning modernizatsiyadan keyingi faoliyati haqida “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati rahbari Ravshan Boyqulovquyidagicha ma’lumot berdi.
– Farhod gidroelektr stansiyasi mamlakatimizning eng tarixiy va salohiyatli quvvatlardan biridir, –dedi R.Boyqulov. –Uning qurilishi1943 yil 10 fevralida boshlangan va ommaviy hashar yo‘li bilan qurilgan.Hasharga Farg‘ona, Namangan, Samarqand, Buxoro, Andijon va Toshkent viloyatlaridan 60 mingdan ortiq kishi jalb etilgan.
GES qurilishining birinchi bosqichida 3- va 4-agregatlar va ikkinchi bosqichida 1- va 2-agregatlar ham ishga tushirilgan. 1951 yil 3 iyul kuni GES to‘liq ekspluatatsiya uchun qabul qilingan.
Ushbu GESning ishga tushirilishi bilan mamlakatmizning elektr, kimyo, metallurgiya, ko‘mir va sanoatning boshqa sohalarini rivojlantirishga keng imkoniyatlar yaratilgani bilan tizimdagi muhim qadamlardan biri bo‘lgan.
Albatta, qariyb 70-75 yil davomida doimiy ekspluatatsiya qilinishi tufayli GESdagi ko‘plab uskunalar jismoniy va ma’naviy eskirgan edi.
Shuni inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 maydagi “2017-2021 yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida” gi qaroriga asosan ushbu stansiyada modernizatsiya va qayta texnik jihozlash ishlari olib borildi.
“O‘zbekgidroenergo” AJning 13,05 million yevro miqdoridao‘z mablag‘i va Rossiya Federatsiyasi “VEB” bankining45,22 million yevro miqdoridagi krediti hisobidan amalga oshirildi.
Modernizatsiyadan ko‘zlangan maqsad mavjud quvvatni 104 MVtdan 128 MVtga oshirish, jismonan va ma’nan eskirgan jihozlarni jahon miqyosidagi yangi va sinalgan qurilmalarga almashtirish, uskunalarni uzluksiz joriy va mukammal ta’mirlashga chiqarishni kamaytirish, agregatlarning foydalanish muddatini 40 yilga uzaytirish va har bir metr kub suv sarfidan samarali foydalanish, mukammal ta’mirlashlarni kamaytirish, elektr energiya tannarxini pasaytirishga qaratildi.
Modernizatsiya “Silovыye mashinы” AJ va “Energoresurs” QK tomonidan ikki bosqichda amalga oshirildi. Ta’kidlash joizki, bugungi kunda modernizatsiya ishlari to‘liq yakuniga yetgan bo‘lib, 1- va 2-gidroagregatlarning nominal quvvati 30,82 MVtga, 3- va 4-gidroagregatlarniki esa 33,3 MVtga, jami 128,2 MVtga yetkazildi.
GES da energetika qurilmalarining yangilanishi hisobiga ularning xizmat qilish muddati kamida 40 yilga uzayishi kutilmoqda. Bu esa modernizatsiyadan so‘ng o‘rtacha yiliga 531,2 million kilovatt soat elektr energiya ishlab chiqarish imkonini berishi bilan birgalikda 167,3 milliard so‘mlik energiya manbai ham deganidir.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi