Farg‘onaning yangilangan bosh darvozasi (+video)
Farg‘ona shahri kirish qismida joylashgan “Mustaqillik darvozasi” bugun mutlaqo yangi qiyofada namoyon bo‘lmoqda. Nafaqat me’moriy inshoot, balki xalqimiz uchun chuqur ma’naviy ramz hisoblangan ushbu darvoza yangilanishlardan so‘ng yanada ko‘rkam va salobatli ko‘rinish kasb etdi.
Azaldan darvoza xalqimiz hayotida oddiy kirish-chiqish vositasi emas, balki ostona, yangi hayot boshlanishi va himoya timsoli sifatida qadrlangan. Qadimda shahar va davlatlarga kirish maxsus darvozalar orqali amalga oshirilib, bunday inshootlar dastlab mudofaa vazifasini bajargan bo‘lsa, keyinchalik ramziy ahamiyat kasb etgan.
Mustaqillikning ilk yillarida bu an’ana Farg‘onada ham o‘z ifodasini topdi. Xususan, 1992-yil avgust oyida shahar kirish qismida ramziy darvoza barpo etish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, qurilish ishlari qisqa muddatda amalga oshirildi. Shu yil 25-dekabr kuni inshootning tantanali ochilish marosimi o‘tkazilib, unga “Mustaqillik darvozasi” nomi berildi.
Bugun mazkur darvoza viloyatning muhim ramzlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Yaqinda amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlari natijasida uning qiyofasi yanada boyidi. Jumladan, markaziy va to‘rtta kichik gumbaz to‘liq yangilandi, atrof hudud obodonlashtirildi. Marmar qoplamalar zamonaviy materiallar bilan almashtirildi. Naqshinkor yog‘och ustunlar esa inshootga o‘ziga xos ko‘rk bag‘ishlamoqda. Shuningdek, zamonaviy yoritish tizimi joriy qilinib, darvozaning tungi manzarasi yanada jozibador tus oldi.
[gallery-29395]
Bugun “Mustaqillik darvozasi” Farg‘ona shahrining eng diqqatga sazovor va salobatli inshootlaridan biriga aylangan. U nafaqat shahar qiyofasini bezab turibdi, balki mustaqillik qadriyatlari, taraqqiyot va yangilanishlar ramzi sifatida ham ahamiyat kasb etmoqda.
Ayni paytda hududdagi yer osti yo‘lagining holati ham ta’mirtalab ekani ko‘zga tashlanadi. Uzoq vaqtdan buyon ta’mirlanmagan mazkur yo‘lakni obodonlashtirish va qayta ta’mirlash zarurati mavjud.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/i4puaJKkB1s" title="Farg‘onaning yangilangan bosh darvozasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muqimjon QODIROV (surat, video), O‘zA