Farg‘onalik sportchilar sharaflandi
Farg‘onalik sportchilar 2022 yilda turli darajadagi sport musobaqalarda 1 ming 58 ta oltin, 1 ming 147 ta kumush, 1 ming 778 ta bronza medallarni qo‘lga kiritdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 500 taga ko‘p. Shuningdek, joriy yilda viloyat sportchilaridan 850 nafari milliy terma jamoa safiga qabul qilindi.
Farg‘ona shahridagi “Afrosiyob” tantanalar majmuasida joriy yilda jahon, Osiyo chempionatlarida hamda nufuzli xalqaro turnirlarda, Respublika musobaqalarida yuqori natijalarga erishgan viloyat sportchilari uchun tashkil etilgan bayram tadbirida shu haqida so‘z bordi.
Tantanali marosimda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov sportchilarni hamda murabbiylarini, soha mutasaddilarini kirib kelayotgan yangi yil bilan qutlab, joriy yilda xalqaro sport maydonlarida mamlakatimizning nufuzi va obro‘-e’tiborini oshirishga qo‘shgan katta hissalari uchun minnatdorchilik bildirdi va kelgusi yil Farg‘ona viloyati sportchilari uchun yorqin g‘alabalarga bundan ham boy bo‘lishiga ishonch bildirdi.
bugungi kunda viloyatda 5 ming 867 ta turli sport inshootlarida 1 milliondan (26,5 foizi) ziyod aholi sportning 63 turi bo‘yicha shug‘ullanib kelmoqda. Sport bilan muntazam shug‘ullanuvchilar soni 40 ming 44 nafarni tashkil etadi. Joriy yilda aholini ommaviy sportga jalb etish ko‘rsatkichlari o‘tgan yilga nisbatan 4 foizga oshdi.
[gallery-10155]
–Viloyatimizda ommaviy sport turlarini rivojlantirishga, sport klublari tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda, –deydi sportni rivojlantirish viloyat boshqarmasi boshlig‘i Nodirjon Hakimov.–Joriy yilning o‘zida Farg‘ona tajribasi sifatida 56 ta sport klublari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 1 ming 800 nafarga yaqin yoshlar sportga jalb qilindi. Kelgusida sport klublari faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida ularga salohiyatli tadbirkorlar biriktirildi va sport klublari o‘rtasida o‘tkaziladigan musobaqalarning rejasi ishlab chiqilib, o‘zaro sport musobaqalari o‘tkazish tizimi joriy qilindi.
Tadbirda yuqori natijalarga erishgan 100 nafar sportchilar, murabbiylar hamda muassasalar rahbarlari, shuningdek, faxriylar pul mukofotlari va sovg‘alar bilan taqdirlandi. Boks bo‘yicha Osiyo chempioni Lazizbek Mullajonov tadbirning bosh sovrini – “Yilning eng yaxshi sportchisi” nominatsiyasi g‘olibligiga munosib ko‘rildi. “Yilning eng yaxshi ayol sportchisi” nominatsiyasida kamondan otish bo‘yicha Osiyo chempionati va kubogi sovrindori Ziyoda Abdusattorova, “Yilning eng yaxshi murabbiyi” nominatsiyasida yunon-rum kurashi bo‘yicha viloyat terma jamoasi bosh murabbiyi Ilshad Rafutdinov, “Yilning eng yaxshi ayol murabbiyi” nominatsiyasida kamondan otish bo‘yicha viloyat ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi Irina Savinova mukofotlarni qo‘lga kiritdi. Boshqa nominatsiyalar bo‘yicha ham mukofotlar topshirildi.
Viloyatning taniqli san’atkorlari ishtirokidagi konsert dasturi tadbirga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
M.Sulaymonov,
M.Qodirov (surat),O‘zA