Farg‘onalik sportchilar bog‘ yaratdi (+video)
Shaxs kamolotida jismoniy tarbiya va sportning, sog‘lom turmush tarzining o‘rni beqiyos. Ayniqsa, yosh avlod kamolotida,mamlakatning jahon miqyosida tanilishida sport va sportchilar zimmasidagi mas’uliyat yanada ortadi.
Farg‘ona viloyatida keyingi yillarda sportga e’tibor birmuncha yuksaldi. Buni viloyat sportchilari va murabbiylarining jahon arenalarida qozonayotgan zafarli yurishlari, xalqaro musobaqalar va olimpiada bellashuvlarida qo‘lga kiritilayotgan salmoqli natijalarda ham ko‘rish mumkin.

Ayni paytda viloyat Yoshlar siyosati va sport boshqarmasi tasarrufida 26 ta sport maktabi, 4 ta ixtisoslashtirilgan sport maktabi, 1 ta Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi mavjud bo‘lib, mazkur sport ta’limi muassasalarida 1445 nafar murabbiy faoliyat yuritib kelmoqda. Ulardan 272 nafari oliy va 368 nafari birinchi toifali trenerdir.
Ushbu sport ta’limi muassasalarida bugun 30 ming nafardan ziyod yoshlar sportning 52 turi bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda. Bunga qo‘shimcha sifatida sport maktablarida aholi soni va ixtisoslashuviga ko‘ra olimpiya sport turlari bo‘yicha qo‘shimcha 360 ta sport seksiyasi tashkil etilgan.

Milliy terma jamoalarga yuqori malakali sportchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ham ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, farg‘onalik sportchilar joriy yilning 9 oyi davomida o‘tkazilgan xalqaro turnirlar, O‘zbekiston chempionati va kubogi musobaqalari, Osiyo chempionati hamda jahon chempionati musobaqalarida ishtirok etib, jami 2 584 ta medalga sazovor bo‘ldi. Shundan 76 ta medal xalqaro nufuzli turnirlarda, 54 ta medal Osiyo chempionati va kubogi musobaqalarida, 45 ta medal jahon chempionati va kubogi musobaqalarida qo‘lga kiritilgan. Shu bilan birga, o‘tgan to‘qqiz oy davomida sport maktablarida 133 nafar unvonli sportchi, jumladan, 113 nafar sport ustasi va 20 nafar xalqaro toifadagi sport ustasi tayyorlandi.
Bu yil Xitoyning Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tgan XIX yozgi Osiyo o‘yinlarida 28 nafar farg‘onalik sportchi qatnashgani, Para Osiyo o‘yinlarida ham munosib ishtirok etgani, ular orasidan Osiyo va jahon chempionlari, Olimpiada g‘oliblari yetishib chiqayotgani quvonarlidir.

Viloyat sportchilari muhim tashabbus va loyihalarda ham faol. Farg‘onalik sportchilar va murabbiylar Prezidentimiz boshchiligida ilgari surilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasini qo‘llab-quvvatlab, ezgu tashabbusga qo‘l urdi. Rishton tumanida “Yashil makon yaratishda birlashamiz” shiori ostida “Sportchilar bog‘i” tashkil etildi. Bu yerga 1500 dona mevali va manzarali daraxt ko‘chati ekildi.
– Bu tashabbusni barcha sportchilar ko‘tarinki kayfiyat va mamnuniyat bilan kutib oldi. Bog‘ tashkil etilishi bayramga aylanib ketdi, – deydi viloyat Yoshlar siyosati va sport boshqarmasi boshlig‘i Nodirjon Hakimov. – Ko‘chat ekish bahonasida sportchilar va ularning murabbiylari bilan samimiy suhbat tashkil etildi. Yurtimizning yashillikka burkanishi kelajak avlod uchun qoldirilayotgan bebaho merosdir. Kelgusida shu bog‘da uchrashuvlar, turli tadbirlar o‘tkazishni rejalashtirdik.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/FF7rTe2MeQM" title="Farg‘onalik sportchilar bog‘ yaratdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Tashkil etilayotgan bog‘da sportchilar ketmon va belkurakda ishlashda ham o‘zlarini ko‘rsatdi. Sport ustalari hazil-huzul, askiya, mehnatda ham tengsiz ekanliklarini isbotlashdi.
– Xalqimizda “Yaxshidan bog‘ qolar” degan naql bor. Biz qayerda bo‘lmaylik, qaysi sohada o‘zimizni ko‘rsatmaylik, Vatanimiz kelajagi uchun, xalqimiz farovonligi uchun xizmat qilishni asosiy maqsad qilib olganmiz, – deydi taniqli bokschi Bektemir Meliqo‘ziyev. – Bugun ekilayotgan ko‘chatlar yaqin kelajakda ulkan daraxtga aylanadi, meva berib, soya-salqinidan odamlar bahra oladi. Bu yashillik toza havo, go‘zallik, salomatlik garovidir.
“Sportchilar bog‘i”ning tashkil etilishi katta tantanaga aylanib ketdi. Hokimlik vakillari, sektorlar rahbarlari ham ishtirok etdi. Bu tashabbus viloyat bo‘ylab qizg‘in davom etmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbirlari