Farg‘onalik pillakorlar marrani zabt etdi
Farg‘ona viloyatida chilgi hosil – pilla yetishtirish bo‘yicha rejalashtirilgan vazifalar ortig‘i bilan ado etildi. Joriy yil viloyatda 43 ming 323 quti ipak qurti parvarishlanib, 2786 tonna pilla yetishtirish rejalashtirilgan edi.
Viloyat pillakorlari tomonidan shu kungacha 2795,9 tonna “kumush tola” yig‘ishtirib olindi. Viloyat xirmoni yuksalishida ayniqsa Yozyovon, Buvayda, Beshariq tumanlari pillakorlari faollik ko‘rsatdi.

– Ma’lumki, manfaatdorlik yuqori bo‘lgan joyda ish sifati ham yuksaladi. Bu yilgi mavsumda yetishtirilgan pillaning har bir kilosi uchun 35 ming so‘mdan tarozi ustida hisob-kitob qilindi. Chilgi hosil uchun jami 97 milliard 857 million so‘m pul mablag‘i to‘lanib, oilalarga qo‘shimcha daromad olib kirildi, – deydi viloyat “Agropilla” mas’uliyati cheklangan jamiyati boshqaruvi raisi Maqsudjon Qosimov. – E’tiborlisi, dastlabki mavsumda sohada 15 ming 183 nafar kishi doimiy, 89 ming 789 nafar fuqarolar mavsumiy ish bilan ta’minlandi.

Pillachilik rivojida ozuqa bazasi muhim ahamiyatga ega. Xom ashyo bazasini yaratish maqsadida viloyatda 12 ming 250 ming dona tut ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan, bahorgi mavsumda 7 ming 370 ming tup tut ko‘chatlari ekilgan bo‘lsa, 4 ming 880 ming tup ko‘chatlar kuz mavsumida ekiladi. Shu orqali kelgusi yillarda pilla xirmoni yanada yuksak bo‘lishiga erishish ko‘zda tutilgan. Viloyatda ipak qurti urug‘ini mahalliylashtirish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2025 yil uchun "Fargona tut ipak qurti urug‘i" mas’uliyati cheklangan jamiyatida 32 ming quti, "Muqobil ipak qurti urug‘chiligi" mas’uliyati cheklangan jamiyatida esa 40 ming 400 quti, jami 72 ming 400 quti ipak qurti urug‘i tayyorlanadi. Bu yil 337,5 milliard so‘mlik ipak mahsulotlari ishlab chiqariladi hamda 13,9 million dollarlik ipak mahsulotlari eksport qilinadi.

M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri