Farg‘ona shahridagi Koreya Xalqaro universitetining 111 nafar talabasi 4-kursda Koreyada tahsil olish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Gap shundaki, 3+1 dasturi asosida ular balakavriatning oxirgi bosqichini Koreya Respublikasidagi Sun Moon universitetida davom ettiradi. So‘ngra magistraturada o‘qishlari, uni tugatgach, o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha nufuzli korxonalarda ish olib borishlari mumkin.
– Bunday imkoniyatdan ta’lim muassasamizda ta’lim olayotgan har bir talaba foydalanishi mumkin, – deydi universitet rektori janob Xan Jey Sok. – Kelgusida talabalarimizga yanada puxta bilim berib, boshqa hamkor universitetlarda tahsilni davom ettirishlari uchun bor kuch-g‘ayratimizni ayamaymiz.
Koreyada o‘qishni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘lgan talabalarning quvonchi cheksiz. Negaki, ular bu orqali ham Koreyadagi Sun Moon universiteti, ham Farg‘onadagi KIUF diplomiga ega bo‘lishadi.
– Mazkur universitetning avtomobilsozlik muhandisligi fakultetida o‘qiyman. Oxirgi bosqichni Koreyada davom ettirayotganimdan juda xursandman, – deydi universitet talabasi Abduqodir Homidov. – Ushbu oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirib adashmagan ekanman. Niyatim – o‘z yo‘nalishim bo‘yicha ilmiy ish bilan shug‘ullanish, dunyoga mashhur Hyundai va KIA kompaniyalarida tajriba orttirib, vatanimiz ravnaqiga o‘z hissamni qo‘shishdir.

Aytish kerak, bugungi kunda Koreya xalqaro universitetida 1800 nafar talaba tahsil olmoqda. 3+1 dasturi orqali Kvangvun, Seogyeong, Halla, Hansung, Seojeong universitetlari bilan hamkorlik shartnomalari imzolangan.
– O‘zbekistonlik yoshlarning bilimga chanqoqligi bizni hayratga soladi. Ular koreys tilida bemalol suhbatlashib, o‘quv dasturlarini o‘zlashtiryaptilar, – deydi mazkur universitet asoschisi Park Jun Xo. – Bugun ilk qaldirg‘ochlarimizni – saralab olingan bilimdon yoshlarni Koreyaga kuzatayotganimizdan xursandman. Kelajakda bunday talabalar safi yanada kengayishiga ishonaman.

bugungi kunda universitetda 54 nafar professor-o‘qituvchilardan 37 nafari fan doktori (PhD) va ulardan 43 nafari Janubiy Koreya Respublikasidan kelgan mutaxassislar hisoblanadi.

Farg‘ona shahridagi teatr-konsert saroyida bo‘lib o‘tgan Mustaqillik oqshomi tantanalari Koreyada o‘qish imkonini qo‘lga kiritgan talabalarga maxsus sertifikat va yo‘llanmalarni topshirish tadbiriga ulanib ketdi. Viloyat hokimligi vakillari, turli boshqarmalar boshliqlari, ota-onalar ishtirokida ular tantanali ravishda taqdirlandi. Mamlakatimiz rivoji uchun kamarbasta bo‘lishni orzu qilgan yoshlarga oq yo‘l tilandi.
M. Sulaymonov,
O‘zA