Farg‘onadagi do‘kon nega yoqib yuborildi?
Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona shahridagi "Baraka burger" nomli do‘konni noma’lum shaxslar tomonidan oynalari sindirilgan holda yoqib yuborilganligi tasvirlangan videoxabar tarqaldi. Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi holatga oydinlik kiritdi.
Aniqlanishicha, 2021 yil 5 oktyabr kuni E. va uning tanishlari hamda O. va boshqalar o‘rtasida kelib chiqqan kelishmovchilik sababli jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan jamoat joyida bir-biriga tan jarohati yetkazgan. Shundan so‘ng E. va uning sheriklari bezorilik xatti-harakatlarini davom ettirib, o‘zganing mulkini qasddan nobud qilish maqsadida O.ga tegishli bo‘lgan "Baraka burger" do‘konining oynalarini sindirib, do‘konda yong‘in chiqarishgan.
Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergovga kirishildi. Jinoyat ishi bo‘yicha E. ismli shaxs Jinoyat kodeksining 277 (bezorlik) hamda 173-moddalari (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) bilan hamda O. ismli shaxs 277-modda bilan gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan bo‘lib, hozirda qolgan ishtirokchilarni aniqlash choralari ko‘rilmoqda.
Tergov davomida ishga aloqador bo‘lgan barcha shaxslarning harakatlariga huquqiy baho beriladi. Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha Farg‘ona viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Jinoyat ishining tergovi Farg‘ona viloyati prokurori hamda ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i tomonidan alohida nazoratga olindi.
Shu o‘rinda, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan (jurnalist, bloger, fuqarolar) yuqoridagi kabi holatlarga tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan rasmiy munosabat bildirilmasdan hamda yakuniy qaror qabul qilinmasdan turib, noo‘rin xulosa qilmasliklarini so‘rab qolamiz. Tergovga yakuniga ko‘ra, qo‘shimcha xabar beriladi, deyiladi viloyat IIB rasmiy bayonotida.
M. Sulaymonov, O‘zA