Farg‘onada yoshlar uchun ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona shahridagi 2-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tashabbusi bilan Yoshlar kuniga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Qayd etilganidek, mazkur ta’lim muassasasida bugungi kunda 1 814 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Joriy o‘quv yilida 183 nafar bitiruvchi mustaqil hayotga qadam qo‘yadi. Ularning aksariyati xalqaro va milliy sertifikatlarga ega bo‘lib, bir qator o‘quvchilar xorijiy oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan.
Tadbirda partiya viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari Orifjon O‘lmasov mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning ta’lim va intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar xususida fikr bildirdi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining yaqinda Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasida maktab o‘quvchilari Abduxalil Alijonov va Abdulaziz Valiyev ishtirok etgani yoshlarga bo‘lgan yuksak e’tibor va ishonch namunasi sifatida ta’kidlandi.
Uchrashuvda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari ishtirok etib, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, giyohvandlik va kiberjinoyatlarga qarshi kurashish masalalari yuzasidan tushuntirishlar berdi.
[gallery-29325]
Tadbir davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Unda yosh avlodni barkamol tarbiyalash, ularning bilim va salohiyatini qo‘llab-quvvatlash muhim ekani ta’kidlandi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA