Farg‘onada yosh kasaba uyushmalari raislarining I mintaqaviy forumi o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston — yangi kasaba uyushmalari!” shiori ostida yosh kasaba uyushmalari raislarining I mintaqaviy forumi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati Kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridan 90 nafar yosh kasaba uyushmasi raisi ishtirok etdi.
Forumda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Mahmadaliyev ishtirokchilarni qutlar ekan, yosh rahbarlar zimmasidagi mas’uliyat va vazifalarga to‘xtaldi. Ta’kidlanganidek, kasaba uyushmalari nufuzini yuksaltirish, a’zolarning mehnat va ijtimoiy huquqlarini samarali himoya qilishda zamonaviy yondashuv, tashabbuskorlik va faollik muhim ahamiyatga ega.
[gallery-31013]
Forum doirasida ishtirokchilar kasaba uyushmalari faoliyatini takomillashtirish, xodimlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish hamda raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish yuzasidan fikr va takliflarini bildirdi.
Shuningdek, “Kasaba bilimdoni” intellektual o‘yini tashkil etildi. Unda mehnat qonunchiligi, kasaba uyushmalari faoliyati, huquqiy savodxonlik va mantiqiy fikrlashga oid savollar asosida jamoalarning bilim va salohiyati sinovdan o‘tkazildi. G‘olib jamoa O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati Kengashining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Forum ishtirokchilari “Farg‘ona Ekspo” xalqaro ko‘rgazmalar majmuasi, “Ferghana Digital Hub” markazi, “Uzsangwoo” MCHJ qo‘shma korxonasi hamda Farg‘ona davlat texnika universitetidagi boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkiloti faoliyati bilan tanishdi. Ularga sun’iy intellekt sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarish hamda ta’lim jarayoniga joriy etish bo‘yicha loyihalar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, forum ishtirokchilari Marg‘ilon shahridagi “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasiga tashrif buyurdi.
Ta’kidlanganidek, yosh kasaba uyushmalari raislarining I mintaqaviy forumi tajriba va fikr almashish, yangi tashabbuslarni muhokama qilish, zamonaviy boshqaruv usullarini o‘rganish hamda kasaba uyushmalari faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qiluvchi muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
Forum yakunida yosh rahbarlarning tashabbuskorligi va izlanuvchanligini qo‘llab-quvvatlash, kasaba uyushmalari faoliyatiga innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish hamda xodimlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash muhim vazifalardan ekani ta’kidlandi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA