Farg‘onada xalqaro fizika olimpiadasiga start berildi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona shahridagi “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar harbiy litseylari o‘quvchilari o‘rtasida fizika fanidan xalqaro olimpiadaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari, Sharqiy harbiy okrug qo‘mondonligi vakillari, harbiy xizmatchilar hamda olimpiada ishtirokchilari qatnashdi. Mehmonlar milliy an’analarga xos samimiyat bilan kutib olindi.
Marosimda so‘zga chiqqanlar mazkur olimpiada yoshlar o‘rtasida ilm-fanga, xususan, fizikaga bo‘lgan qiziqishni oshirish, ishtirokchilarning bilim va salohiyatini sinovdan o‘tkazish, shuningdek, davlatlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
[gallery-28635]
Tadbirning badiiy qismida milliy va zamonaviy kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Harbiy orkestr va iste’dodli yoshlar chiqishlari ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Ma’lum qilinishicha, olimpiadada mamlakatimiz vakillari bilan bir qatorda Rossiya Federatsiyasi va Belarus Respublikasidan jamoalar ishtirok etmoqda. Bellashuvlar davomida ishtirokchilarning nazariy va amaliy bilimlari sinovdan o‘tkaziladi.
Olimpiada bahslari ertaga ham davom etadi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA