Farg‘onada Vebster universiteti filialini ochish rejalashtirilmoqda
Farg‘ona viloyati hokimligi va Vebster universiteti o‘rtasida tashkil etilgan videomuloqotda mazkur oliy ta’lim muassasasining filialini ochish masalalari muhokama qilindi.
bugungi kunda hududlarda oliy ma’lumotga ega bo‘lgan malakali mutaxassislarga ehtiyoj yuqori. Xususan, viloyatda 10 ta oliy o‘quv yurti faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, o‘tgan davrda Janubiy Koreya, Latviya bilan hamkorlikda universitetlar tashkil etildi. Ta’lim sohasida rivojlangan davlatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, sohaga investitsiyalarni jalb etish hamda ilg‘or pedagogik texnologiyalarni tadbiq qilish bo‘yicha tizimli ishlar davom etmoqda. Mazkur onlayn muloqotda bu boradagi ishlar ta’kidlanib, Vebster universitetining ta’limdagi yutuqlari e’tirof etildi.
Vebster universiteti AQSHning nufuzli oliygohlaridan biri bo‘lib, uning ko‘plab davlatlarda 60 dan ortiq filiallari bor. Xususan, o‘tgan yil Markaziy Osiyodagi filiali – Toshkent shahridagi ta’lim dasturlarini amalga oshirish markazi ochildi va bu yerda bakalavriatning asosiy 14 ta ta’lim yo‘nalishlari hamda 16 ta magistratura mutaxassisliklarida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
Vebster universiteti prezidenti Juliyan Shuster Farg‘ona viloyatida universitet filialini ochish hamda sifatli ta’lim tizimini amalga oshirish taklifini bildirdi. Muloqotda universitetning ta’lim dasturlari, bakalavriat bosqichi va magistraturaning asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi.
Viloyat hokimi o‘rinbosari M.Abdurahmonov Farg‘onaning geografik joylashuvi, iqtisodi, ta’lim tizimi xususida gapirib o‘tdi.

– Farg‘ona viloyati oliygohlar soni bo‘yicha Respublikada Toshkent shahridan keyin 2-o‘rinni egallaydi, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari. – Shu holatda ham ular soni yillik o‘qishga topshiruvchi talabalar soniga nisbatan mutanosib emas. Viloyatda asosan IT va IT muhandisligi, grafik dizayn, zamonaviy dastgohlar bilan ishlovchi malakali mutaxassislarga ehtiyoj baland. Shu bois Vebster universitetining malakali professorlari xalqaro tajribasini viloyatimizda qo‘llashi maqsadga muvofiq bo‘lardi. Viloyat hokimligi universitet filialini tashkil etishda bino, yer maydoni va dastlabki sarmoya sifatida mablag‘ ajratilishida ko‘makka tayyor.
Muloqotda har ikki tomonni qiziqtirgan masalalar o‘rtaga tashlanib, hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi. Filialni ochish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi.