Farg‘onada Navro‘zga yana bir bayram ulanib ketdi. Bu gal uchinchi bor uloq-ko‘pkari bo‘yicha xalqaro musobaqasi o‘tkazilmoqda. Uning uchun aynan Farg‘ona tanlangani bejiz emas. Yigirma ikki asr muqaddam “Buyuk ipak yo‘li”dan kelgan Xitoy imperatorining maxsus elchisi Farg‘ona vodiysida “qorabayr” naslli otlarni ko‘rib hayratga tushgan va ularni “uchar otlar” deb atagan. Farg‘ona ot maktabining tarixi ko‘hnaligini shundan ham ko‘rish mumkin.
O‘zbekiston Milliy Gvardiyasi, Farg‘ona viloyati hokimligi, Sport vazirligi tashkilotchiligida bugun boshlangan uloq-ko‘pkari xalqaro musobaqalari jamoalarning saf tortib chiqishidan boshlandi. Ular O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonning sportchilaridan iborat edi. Muxlislarning qizg‘in qo‘llovi bilan safni “uchar otlar” mingan O‘zbekiston Milliy gvardiyasi jamoasi boshlab berdi.
Tadbirni Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari Sherzod Rahimov ochdi.
Mamlakatimiz madhiyasi yangragach, musobaqaning birinchi juftligi ot choptirdi. Maydonda har ikki jamoadan to‘rttadan chavandoz-sportchilar uloqni dastiga olib raqib tomonda belgilangan doiraga tashlashi lozim. Dastlab hisobni Qozog‘istonliklar ochishdi. Lekin O‘zbekiston Milliy gvardiya jamoasi ham tajribali edi. Zum o‘tmay hisobni tenglashtirishdi. Uloq-ko‘pkari sport turi sifatida rivojlanishiga O‘zbekiston Prezidentining Farmoni sababchi bo‘ldi. An’anaviy uloqda har kim o‘zi uchun kurashgan bo‘lsa, mazkur musobaqada jamoa bo‘lib harakat qiladilar.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/pUin5IjYn2E" title="FARGʻONADA ULOQ-KOʻPKARI XALQARO TURNIRI" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>G‘oyat qizg‘in bahslar ostida o‘tgan dastlabki o‘yinda 4:2 hisobida Qozog‘iston jamoasi g‘olib bo‘ldi.
– Biz Tojikistondan keldik. Avvalgi ikki musobaqada ham qatnashganmiz. Bir gal sovrindor bo‘ldik, – deydi Iskandar Norqulov. – Bu gal jamoalar jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan. Shunday bo‘lsa-da g‘alaba uchun kurashamiz.
– Rossiyada raqibni otdan yiqitish o‘yinlari bor. Ammo uloq yo‘q edi, – deydi jamoa sardori Samad Nabiulin. – Qozonda bu sport turini yangitdan o‘zlashtiryapmiz. Shunday bo‘lsa-da munosib qatnashishga harakat qilamiz.
O‘zbekiston, Farg‘ona bizga juda yoqdi. Odamlari mehmondo‘st, shahar esa orasta. Milliy gvardiya bizga barcha sharoitni yaratib berdi.
Bugunning o‘zida yana oltita jamoa maydonga tushib g‘alaba uchun kurashadi.
Farg‘onada o‘tayotgan uloq-ko‘pkari III Xalqaro musobaqasi 24-martga qadar davom etadi.
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA