Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fargʻonada “Turon bank”ning 700 million soʻmga yaqin pullarini plastik karta orqali oʻgʻirlagan shaxslar qoʻlga tushdi

Zamon tezlashib, axborot texnologiyalari tobora rivojlanib borib, barchamizni shoshirib qo‘yayotgani sir emas. Ayniqsa, bank xizmatlari sohasi raqamlashib, odamlarga qulayliklar yaratmoqda. Shu asnoda bu kabi imkoniyatlardan qing‘irlik yo‘llarida foydalanayotgan odamlar ham yo‘q emas.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshloq tumani sudida ko‘rib chiqilgan jinoyat ishi bunga yaqqol misol. Ish holatiga ko‘ra, Yozyovon tumanida yashab kelgan yosh yigit R.U. 2020 yil 19 dekabr kuni soat 21:30 larda tanishi R.O. bilan o‘zaro suhbat chog‘ida "Turonbank" ATB ning "My Turon" mobil ilovasi orqali Humo plastik kartasidan 9 ming 950 so‘m pullarni Uzsard plastik kartasi hisob-raqamiga o‘tkazganida, o‘tkazma amalga oshib, pullar qabul qilinganligini, biroq o‘tkazilgan 9 ming 950 so‘m pullar Humo plastik kartasi hisob-raqamidan kamaymaganligini aytgan.

Shuningdek, istalgan summadan 50 raqamini ayirib tashlab, kelib chiqqan summani Humo plastik kartadan Uzsard plastik kartasiga o‘tkazganida ham shu kabi holat sodir bo‘lganligini ma’lum qilgan. R.U. ushbu holatni tekshirish maqsadida yashash xonadonida "Turonbank" ATB Farg‘ona filialidan olingan Uzsard hamda Humo plastik kartasini o‘zining telefoniga "sms" xabarnoma xizmatini yoqib, foydalanuvida bo‘lgan "Red Mi-7" rusumli telefon apparatiga o‘rnatilgan "My Turon" mobil ilovasiga ushbu har ikkala plastik kartalarni biriktirgan.

Foydalanish jarayonida u kartadan bunisiga pul o‘tkazganda kamaymaganligini u ham biladi. Ushbu pullar "My Turon" mobil ilovasidagi texnik xatolik sababli "Turonbank" ATBning hisob-raqamidan yechib olinayotganligini anglab, ushbu holatlarni bank mas’ul xodimlari sezmayotganliklariga ishonch hosil qilgan. Shundan so‘ng R.U. va R.O. "Turonbank" ATBning hisob-raqamidagi pul mablag‘larini o‘marishni reja qilishgan. Ilovada mavjud bo‘lgan xatoliklar haqida bank mas’ullarini ogohlantirmasdan “My Turon” mobil ilovasida texnik xatolik keltirib chiqarayotgan summalarni o‘ylab topish va ushbu xatolikni keltirib chiqaradigan summalarda juda ko‘p marotaba bank amaliyotlarini amalga oshirishlari natijasida "Turonbank" ATB hisob-raqamidan pullarni o‘zlarida mavjud bo‘lgan Uzsard plastik kartalari hisob-raqamiga ko‘chirish orqali yashirin ravishda talon-toroj qilishgan.

Dastlab R.U. va R.O. yuqoridagi usuldan foydalanib, 121 million 171 ming 750 so‘mni, oradan bir necha kun o‘tgach R.U. o‘rtog‘i J.A. bilan 220 million so‘mni, so‘ng R.U. o‘rtog‘i I.Q. bilan 29 million so‘mni, so‘ng R.O. tanishi S.S. bilan 10 million 518 ming 850 so‘mni, so‘ng I.Q. o‘rtog‘i M.Q. bilan 310 million so‘mni hamda R.O. bilan 8 million so‘m pul mablag‘larini o‘zlashtirishgan. Umumiy hisobda ushbu yetti nafar shaxslar qisqa vaqt davomida 698 million 689 ming so‘m bankning pullarini yashirin ravishda talon-toroj qilib, o‘g‘irlik qilgan. Tezkorlik bilan olib borilgan harakatlar natijasida bankning pullarini to‘liq qaytarilishiga erishilgan, sudlanuvchilar holat aniqlanishi bilan barcha pullarni o‘z ixtiyorlari bilan topshirgan.

– Sudning hukmi bilan sudlanuvchilarning 5 nafari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 3 va 4-qismlari bilan 3 yil 6 oydan 5 yil 6 oygacha muddatga ozodlikdan mahrum qilindi, – deydi Farg‘ona viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi Abrorxon Akramov. –Ikki nafar shaxslarga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.

Achinarlisi sudlanuvchilarning 6 nafari yosh yigitlar ekanligi va ular jinoyatni juda kaltabinlik bilan sodir etganliklarida. Bankning tegishli hisob-raqamlaridan pul mablag‘lari yashirin ravishda olinganida birov bilmaydi deb ishonib qolishganida. Agar o‘z vaqtida ularni harakatlari to‘xtatib qolinmaganida qancha mablag‘ o‘g‘irlanishi mumkinligini tasavvur qilish qiyin. Har qanday holatda ham sud tomonidan qonun ustuvorligi ta’minlanib, aybdor deb topilgan shaxslarga nisbatan qonuniy jazo tayinlandi.

 

M. Sulaymonov, O‘zA