Farg‘onada tezkor qidiruv tadbirlari o‘tkazildi
Farg‘ona shahrida huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikni jilovlash, uning oldini olish va barham berish, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish hamda yo‘l-transport hodisalarining oldini olish borasida maxsus profilaktik va tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Viloyat IIB hamda DXX tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan ana shunday tadbirlarda 35 nafar uyushgan jinoiy tuzilmalarga aloqador shaxsning yashash va boshqa manzillarida tezkor qidiruv tadbirlari o‘tkazilib, ularning 19 nafaridan 3,81 gramm gashish, 10 dona pichoq, 3 dona xanjar, 2 dona niqob, 1 dona kastet kabi noqonuniy buyum va ashyolar olindi.
Tadbirlar davomida 15 ta jinoyat va 24 ta ma’muriy huquqbuzarlikka barham berildi.
Shuningdek, 320 nafar alohida toifadagi shaxs bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. 397 ta ma’muriy huquqbuzarlik aniqlandi. Jumladan, mayda bezorilik 59 ta, sovuq qurol saqlash 12 ta, ichkilikbozlik 72 ta, farzandi nazoratsizligi 18 ta va boshqalar.
78 nafar shaxs esa ma’muriy qamoqqa olindi. 103 nafar shaxs profilaktik hisobga qo‘yildi. Profilaktik tadbirlar doirasida 159 nafar jinoyat sodir etishga moyil shaxs aniqlanib, tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri