Farg‘onada suyultirilgan gaz ta’minoti: barqarorlik va mas’uliyat (+video)
Farg‘ona viloyatida tabiiy gaz tarmog‘i yetib bormagan hududlarda aholi xonadonlarining maishiy ehtiyojlarini qondirishda suyultirilgan gaz muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, tog‘li va borish qiyin bo‘lgan hududlarda gaz balloni xonadonlar uchun asosiy yoqilg‘i manbalaridan biridir. Shu bois suyultirilgan gazni belgilangan jadval asosida sifatli va o‘z vaqtida yetkazib berish nafaqat maishiy xizmat, balki aholining ijtimoiy farovonligi bilan bog‘liq muhim masaladir.
Farg‘ona viloyatida suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, ayrim hududlarda ta’minot davriyligi bilan bog‘liq muammolar ham uchrab turibdi. Masalan, Farg‘ona tumanida gaz ta’minoti bo‘yicha maxsus shtab faoliyati doirasida suyultirilgan gaz yetkazib berishda davriylik yuqori bo‘lgan mahallalarga qo‘shimcha resurslar yo‘naltirildi. Natijada 2 ming 489 nafar iste’molchiga 49,7 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi.
Bu raqamning o‘ziyoq masalaga umumiy emas, balki har bir mahalla va xonadon kesimida yondashish zarurligini ko‘rsatadi.
Ayniqsa, tog‘li hududlarda transport qatnovi, ob-havo sharoiti va masofa suyultirilgan gaz yetkazib berish jarayoniga ta’sir qilishi mumkin. Shuning uchun bunday hududlarda oldindan zaxira shakllantirish va yetkazib berish jadvalini qat’iy nazorat qilish muhim.

So‘xdagi gaz to‘ldirish shoxobchasi esa 10 mingdan ziyod iste’molchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lib, oyiga 170 tonnagacha suyultirilgan gaz tarqatishi mumkin.
2026-yil 1-iyundan boshlab aholini maishiy gaz ballonlari bilan ta’minlash xizmati yangi tartib asosida yo‘lga qo‘yildi. Endilikda tabiiy gaz yetib bormagan hududlarda yashovchi fuqarolar maishiy gaz balloni olish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishi mumkin.
Ariza “E-gaz” tizimida shakllantiriladi. Bir ish kunida ma’lumotlar tekshiriladi, uch ish kunida xonadon holati joyiga chiqqan holda o‘rganiladi. Ijobiy xulosa berilgan taqdirda tegishli shartnomalar rasmiylashtiriladi va bir dona maishiy gaz balloni 12 ish kuni ichida bepul yetkazib beriladi.
Bu tartibning ahamiyati shundaki, gaz balloni bilan ta’minlash jarayonini inson omilidan imkon qadar xoli qilish, arizalarni elektron hisobga olish va har bir iste’molchining ta’minotini nazorat qilish imkoni paydo bo‘ladi.
Suyultirilgan gaz ta’minoti deganda faqat xonadonlar nazarda tutilmasligi kerak. Chekka hududlardagi ijtimoiy soha ob’ektlari – tibbiyot va ta’lim muassasalari, boshqa ijtimoiy manzillarning yoqilg‘i ta’minoti ham alohida e’tibor talab qiladi.

Bu yerda asosiy mezon – uzluksizlik. Maktab yoki tibbiyot muassasasida yoqilg‘i ta’minotida uzilish yuz bersa, bu oddiy maishiy noqulaylik emas, balki ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sifatiga ta’sir qiluvchi omilga aylanadi.
Suyultirilgan gaz ta’minotida raqamlar muhim. Ammo har bir raqam ortida muayyan xonadon, oila va inson taqdiri bor.
Shuning uchun viloyat mas’ul tashkilotlari oldidagi asosiy vazifa – gaz ballonlarini to‘ldirish omboridan chiqarish emas, balki ularni kerakli xonadonga, kerakli vaqtda, belgilangan miqdorda va xavfsiz tarzda yetkazish.
Suyultirilgan gaz ta’minoti – mavsumiy kompaniya ham emas. Bu aholining kundalik hayoti, ijtimoiy ob’ektlarning barqaror faoliyati va hududlarda munosib turmush sharoitini ta’minlashga xizmat qiladigan uzluksiz tizimdir.
Farg‘ona viloyatida bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida “Hududgaz” Farg‘ona gazta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Ilhomjon Toshpo‘latov bizga quyidagilarni gapirib berdi:
– Viloyatimizda 511 mingta suyultirilgan gaz iste’molchilari bor. Shu bilan birga 295 ta ijtimoiy soha manzillariga suyultirilgan gaz yetkazib beramiz. Shu paytgacha joylarga suyultirilgan gaz yetkazib berishda uzilishlar bo‘lgan, davriyliklar kechikkan.

Hurmatli Prezidentimiz o‘tkazgan yig‘ilishdan so‘ng tizimda o‘zgarishlar ro‘y berdi. Hozirgi kunda fondimiz ko‘paydi. Xatlov boshlandi. Har bitta xonadon buyurtmasi va ta’minoti elektron tizimga ulandi. Shu tufayli bugungi kunda suyultirilgan gazni iste’molchilarga yetkazib berishda qat’iy tartib joriy etildi. Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikni qayta ko‘rib chiqdik.
Qaysi hududlarda, mahallalarda kechikish bo‘ladigan bo‘lsa, buni onlayn tarzda nazorat qilib bilamiz, xuddi shu hududlarga suyultirilgan gaz ballonlarini yetkazib beramiz.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Ue7kWgsUnVI" title="Farg‘onada suyultirilgan gaz ta’minoti: barqarorlik va mas’uliyat" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA