Farg‘onada sport maktablarini boshqarishning yangi tizimi taqdim etildi
Farg‘ona viloyatida sport maktablari faoliyatini yanada samarali tashkil etish, ommaviy sport qamrovini kengaytirish hamda iqtidorli yoshlarni saralash tizimini takomillashtirishga qaratilgan yangi boshqaruv mexanizmini amaliyotga joriy etish masalalariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.
Tadbirda Prezident Administratsiyasi, Sport vazirligi va viloyat sport boshqarmasi mutasaddilari, shuningdek, hududdagi sport maktablari rahbarlari, ularning o‘rinbosarlari, trener-seleksionerlar hamda soha vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida sport maktablarini boshqarishning yangi tartibi, ommaviy sportni rivojlantirish, aholini muntazam jismoniy tarbiya va sportga jalb etish, iqtidorli yoshlarni aniqlash hamda ularni maqsadli tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, sport maktablari direktorlarining ommaviy sport va seleksiya ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari, trener-seleksionerlarning xizmat vazifalari, ular faoliyatini samaradorlik mezonlari asosida baholash hamda rag‘batlantirish tartibi haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi.
Tadbir yakunida yangi tizimni hududlarda samarali joriy etish, sport maktablari faoliyati sifatini oshirish, seleksiya ishlarini kuchaytirish va iqtidorli sportchilar zaxirasini kengaytirish yuzasidan amaliy vazifalar belgilab olindi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA