Farg‘onada sarimsoqpiyoz plantatsiyalari
Farg‘ona viloyati qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksporti 2025-yilda 400 mln.dollarga yetdi. Bu yilgi reja esa 500 mln.dollardan oshirish. Buning uchun yangi mahsulot turi va uning bozorlari topilyapti.
Shu paytgacha asosan meva, quritilgan meva, sabzavotlardan karam, pomidor eksport asosini tashkil qilgan edi. Endi ular qatoriga qalampir va sarimsoqpiyoz qo‘shildi.
Farg‘ona viloyatida 2026-yilning yanvar-aprel oylarida 215,6 tonna sarimsoqpiyoz xorijiy mamlakatlarga eksport qilinib, uning qiymati 380,6 ming AQSH dollariga yetdi.
Sarimsoqpiyoz eksportining kengayishi mahalliy ishlab chiqaruvchilar va eksportyorlarning tashqi bozorlardagi imkoniyatlari tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
O‘tgan yilning mos davriga nisbatan eksport hajmi deyarli 2 barobarga, ya’ni 174,3 tonnaga ko‘payib, ushbu yo‘nalishda barqaror o‘sish sur’atlari qayd etildi. Bu esa viloyatning eksport salohiyati yuksalib borayotganini va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining raqobatbardoshligi oshayotganini ko‘rsatadi. Natijada Farg‘onada yangidan sarimsoqpiyoz plantatsiyalari barpo etilmoqda.
Hozircha sarimsoqpiyoz va qalampirning katta qismi Xitoyga, sharqiy Osiyo mamlakatlariga eksport qilinyapti.
Muhammadjon Obidov, O‘zA