Farg‘onada sanoat quvvatlari oshmoqda (+video)
Farg‘ona viloyati mamlakatning eng yirik sanoat markazlaridan biriga aylandi. 2024 yilda viloyatda yalpi hududiy mahsulot 91,3 trln.so‘mlikni tashkil etdi. 2025 yilda esa uni 108,3 trln.so‘mga yetkazish kutilyapti.
Bunday o‘sishga yangi quvvatlarni ishga solish evaziga erishish mumkin. Bunda “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasining o‘rni katta.
– 2025 yilning 2 oyida 614,2 mlrd.so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 23,0 mln. dollarlik mahsulot eksport qilindi, – deydi “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi bo‘lim boshlig‘i Behzod Murodov.


O‘zbekiston–Xitoy “VIKOR” qo‘shma korxonasi o‘tgan yili ish boshladi. U avtomobillar uchun gaz va propan quyish sig‘imlarini ishlab chiqaradi. O‘zbekiston bozoridagi bu mahsulotga yildan-yilga ehtiyoj oshib boryapti. Chunki metan va propan avtomobillarni harakatga keltiruvchi eng arzon yoqilg‘idir. Uning sig‘imi esa bir qator texnik ko‘rsatkichlarga ega bo‘lishi kerak. Ya’ni yuqori bosimga dosh berishi, zichligi yuqori bo‘lgan metaldan tayyorlanishi, murvat qismining mustahkamligiga alohida talablar qo‘yilgan. “VIKOR” qo‘shma korxonasi ularning barchasini bajarib, tegishli muvofiqlik sertifikatini oldi va 2024 yilning o‘zida 75 ming dona sig‘imlar ishlab chiqardi.


– 18-20 xil mahsulot ishlab chiqaramiz. Korxonamiz yiliga 180 mingta metan balon ishlab chiqarish quvvatiga ega. Sig‘im qalinligi 0,7-1 smgacha, – deydi “VIKOR” O‘zbekiston–Xitoy qo‘shma korxonasi direktori Sherali Ismoilov. –Hozir 100 dan ziyod ishchi-mutaxassis uzluksiz, kechayu kunduz ishlashmoqda.
O‘zbekiston avtomobil ishlab chiqaruvchi dunyoning sanoqli davlatlaridan biri. Shuningdek, katta gaz zaxirasiga ega. Demak, “VIKOR” mahsulotiga ehtiyoj oshib boraveradi.


“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi atrofida ko‘rkam shahar paydo bo‘lmoqda. Barcha qulayliklarga ega o‘nlab uy- joylar sanoat korxonalari bilan barobar qad rostlayapti. 2025 yilda bu yerda 227,7 mln.dollarlik sanoat loyihalari foydalanishga topshirilishi, 2430 ta yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Demak, hali bu kabi infratuzilma yaratish davom etadi. Qolaversa, Quvasoy shahri hududida yana 117,4 mln.dollarlik sanoat korxonalari uchun 6 ta loyiha joylashtirildi. Ularga ham infratuzilma kerak.

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan ushbu hudud infratuzilmasi uchun 2025 yilga 70 mlrd.so‘m mablag‘ ajratilgan, – deydi Behzod Murodov. – Shu kungacha 4,5 km gaz va 8 km oqova suv tarmoqlari tortildi. Avtomobil yo‘li va elektr tarmoqlarini tortish amalga oshirilyapti.
“VIKOR” qo‘shma korxonasi “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat ko‘rsatayotgan 141 ta sanoat ishlab chiqarishidan bittasi, xolos. Unga o‘xshash yuzlab zamonaviy korxonalar tufayli Farg‘ona viloyati mamlakat sanoat industriyasida peshqadamlar safidan joy oldi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/sU5rhgxfHmo" title="Fargʻonada sanoat quvvatlari oshmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov,Elyor Olimov (surat, video),
O‘zA muxbirlari