Farg‘onada qishloq xo‘jaligida katta marralarga erishilmoqda
Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan viloyat bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat qishloq xo‘jaligi sohasining ilg‘or vakillari, fermerlar, pillakorlar, mehnat faxriylari ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov soha xodimlarini kasb bayrami – Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni va Hosil bayrami bilan samimiy tabrikladi.
Farg‘onada 2025 yil qishloq xo‘jaligida misli ko‘rilmagan tub burilish yili bo‘lgani, katta marralarga erishilgani, shu bilan birga sohaga yangi ilm va imkoniyatlar kirib kelayotgani o‘z samarasini berayotganligi ta’kidlandi.
Viloyatda joriy yilda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 49,5 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan o‘sish sur’ati 106,5 foizni tashkil etdi. 2025 yilda 6,5 mln tonna mahsulot yetishtirildi.
Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat yo‘nalishida umumiy qiymati 2,2 trln so‘mlik 385 ta loyihalar ishga tushirildi, 3946 ta ish o‘rni yaratildi. Joriy yilda 411 mln dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti amalga oshirildi, eksport geografiyasi kengayib 67 ta davlatga eksport qilindi.
G‘o‘za agrotexnikasida innovatsion texnologiyalar keng qo‘llanib, ilk marotaba 324 ming tonna xirmon bunyod etildi, hosildorlik o‘rtacha 45 sentnerni tashkil qildi.
Hosil bayramida qishloq xo‘jaligi sohasida yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan bir guruh fermerlarga hamda sohaning ilg‘or faxriylari va xodimlariga
[gallery-26716]
"Qishloq xo‘jaligi fidoyisi", "O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi a’lochisi", "Ilg‘or fermer", "Namunali tomorqachi", "Mehnatkash dehqon", "O‘zbekiston Respublikasi veterenariya fidoyisi" ko‘krak nishonlari hamda viloyat hokimining faxriy yorliqlari, esdalik sovg‘alari topshirildi.
Elimiz ardog‘idagi san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturi barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
M.Sulaymonov,
M. Qodirov (surat), O‘zA