Farg‘onada pedagoglar malaka sinovlaridan o‘tmoqda
FOTOREPORTAJ
Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, 2026-yil yanvar–iyun oylari davomida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi pedagog kadrlar malaka (test) sinovlaridan o‘tkazilmoqda. Joriy yilning 7-aprel kuni boshlangan attestatsiya jarayonlari 6-mayga qadar davom etadi.
Farg‘ona shahridagi 28-umumta’lim maktabida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga qarashli pedagog kadrlarning malaka sinovlari tashkil etilgan.
Attestatsiya ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Birinchi bosqichda pedagoglarning mutaxassislik fanlari hamda kasbiy standartlar bo‘yicha bilim darajasi baholanadi. Unda 35 ta mutaxassislik fanidan va 5 ta kasbiy standartga oid test savollari taqdim etilgan. Ikkinchi bosqichda esa ularning pedagogik mahorati aniqlanadi.
[gallery-28726]
Sinovlarning to‘liq kompyuterda, onlayn tarzda va real vaqt rejimida o‘tkazilayotgani jarayonning shaffofligi va xolisligini ta’minlamoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy attestatsiyada respublika bo‘yicha 40 dan ziyod fan o‘qituvchilari — 214 mingdan ortiq pedagog ishtirok etishi kutilmoqda. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 21,8 foizga ko‘pdir.
Ko‘zi ojiz pedagoglar uchun maxsus test savollari ishlab chiqilgan bo‘lib, ular uchun alohida imtihon kunlari belgilangan.
Sinov jarayonlarini yuqori saviyada tashkil etish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Jumladan, 250 ta zamonaviy kompyuter yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulangan, 150 o‘rinli oshxona faoliyat yuritmoqda.
Attestatsiya yakunlari bo‘yicha elektron sertifikatlar pedagoglarning shaxsiy kabinetlariga yuboriladi.
Mazkur jarayon ta’lim sifatini oshirish, pedagoglarning bilim va ko‘nikmalarini baholash hamda ularning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA