Bahorning chinakam go‘zalligi o‘rik gullaganda bilinadi. Bog‘lar, yo‘l yoqalari, xonadonlar nurga to‘ladi, go‘yo.
“O‘rik gullaganda” yoshlar ijodiyot festivali Farg‘ona viloyatida bu yil ikkinchi marta o‘tkazilyapti. Oltiariq tumani hududidagi yuzlab gektar bog‘lar qiyg‘os gullagan. Ayniqsa, qir-adirlar bag‘ridagi o‘rikzorlar ko‘zni qamashtiradi. Festivalning rasmiy ochilishida tashkilotchilar “O‘rik gullaganda” Farg‘onaning o‘ziga xos milliy an’anasiga aylanib borayotganini ta’kidlashdi.
Xalq laparlari, zamonaviy qo‘shiqlar o‘rikzorning anvoyi sasiga uyg‘unlashdi.
– Ko‘zimdan oy topar mardona gullar,
Gullaydi ko‘ksimda devona gullar.
Ko‘nglimga ko‘chadi Farg‘ona gullar,
Dilim Farg‘onajon, gulim Farg‘ona.
–Bugun bahor Farg‘onadan boshlanganga o‘xshaydi, – deydi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibi Dilnavoz Qo‘ldosheva. – Chunki aslida bahor bir oz kechikkandek edi. Ammo o‘rik gullariga to‘la bu bog‘da haqiqiy bahor tarovati, Navro‘z shukuhi kezyapti. Xalqimizning qalbida xursandchilik, ko‘zida quvonch.
O‘n gektardan ziyod chaman bo‘lib gullagan o‘rikzorda milliy o‘yinlar, folklor jamoalari chiqishlari, rassom va hunarmandlar asarlari namoyishi, yosh polvonlar o‘rtasidagi kurash musobaqalari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasi, she’rxonlik, kabi tadbirlar tashkil etildi. Keksa otaxonu-onaxonlar zamonga shukrona aytib, duoga qo‘l ochishdi.
Viloyatning taniqli san’atkorlari birin-ketin sahnaga chiqdilar.
“O‘rik gullaganda” festivalida Farg‘ona viloyatida ishlayotgan, o‘qiyotgan xorijliklar ham ishtirok etishdi.
[gallery-22322]
– Men Hindistonlikman va tibbiyot institutida o‘qiyman, – deydi Daymand. – Yaqinda milliy bayramimiz Xolli Farg‘onada ham keng nishonlandi. O‘zbeklar bag‘ri keng xalq ekan. Quvonchimizga sherik bo‘lishdi. Bugun esa biz ularning milliy festivalida o‘z raqslarimiz bilan qatnashyapmiz.
– Men birinchi kursda o‘qiyman. Ta’lim olish uchun O‘zbekistonni, Farg‘onani tanlab to‘g‘ri qilgan ekanman. Menga “O‘rik gullaganda” festivali yoqdi. Yangi do‘stlar ortirdim bugun, – deydi Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti 1- bosqich talabasi hindistonlik Muhammad Hamid.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Et5AdsE_LYg" title="Farg`onada “O`rik gullaganda” festivali" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Bog‘ oralab milliy kiyimlar namoyishi boshlandi.
– Olimmi, ijodkormi, shoirmi, san’atkormi, hunarmandmi, tadbirkormi bayramni birgalikda nishonlayotganimiz xalqimizning jipsligi, birdamligi, bir- biriga yelkadosh ekanidan dalolat beradi, – deydi Dilnavoz Qo‘ldosheva. – Muhtaram Prezidentimiz boshchiligidagi islohotlar hayotda isbotini topmoqda. Farg‘onadan boshlangan bahor butun respublikaga, butun dunyoga shukuh ulashishiga ishonaman. Farg‘onaga keling, “O‘rik gullaganda” festivalida birga bo‘ling.
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov, Muqimjon qodirov (surat, video),
O‘zA muxbirlari