Farg‘onada Navro‘z sayillarining shukuhi o‘zgacha
Farg‘ona shahridagi Islom Karimov nomidagi viloyat teatr-konsert saroyi bugun ertalabdan farg‘onaliklar va mehmonlarni o‘z bag‘riga chorladi. Muazzam ochiq maydonda Navro‘z bayramining asosiy tantanalari sayil tarzida shodu xurramlik bilan nishonlanmoqda
Xalqimiz doimo Navro‘zni orziqib kutadi. U dillarga xushnudlik ulashadi, boqiy qadriyatlarni namoyon etadi. Viloyatda bayramni ko‘tarinki ruhda nishonlashga puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Shahar va tumanlarda, mahallalarda “Assalom, Navro‘z – yangilanish va ezgulik, qadr-qimmat ayyomi!” shiori ostida sayillar bo‘lib o‘tmoqda.
Viloyat markazidagi shodiyonalarning shukuhi yanada o‘zgacha. Sayilga chiqqanlarning yuz ko‘zlaridan bayram kayfiyatini his etasiz. Atrofga ham shunga monand bezatilgan. Navro‘z ayyomi tantanasida shahar tumanlar, boshqarma, korxona va tashkilotlari, muassasa va mahallalar o‘ziga xos bayramona, bahoriy dekoratsiyalar va sahnalar tayyorlashdi. Unda har bir hududning o‘ziga xos urf-odatlari, qadriyatlari aks etgan.
[gallery-6252]
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov bayram shodiyonalarida ishtirok etdi. Sayilga chiqqanlar bilan suhbatlashib, barchani yangilanish va yasharish ayyomi – Navro‘z bayrami bilan tabrikladi.
-Nevaralarimni olib, bayramga keldik,-deydi So‘x tumanilik Habibullo Dodayev.-Navro‘zi olamni intiq kutmagan kishi bo‘lmasa kerak. Sayil tarzida nishonlanayotgan ayyom juda manzur bo‘ldi. Bahor taomlari tortiq qilinyapti, milliy o‘yinlar namoyish etilmoqda. Bayram dasturi juda yoqdi. Navro‘z tabiat uyg‘onishining timsoli, ma’naviy va madaniy hayotimizning ajralmas qismi sifatida ham katta shodiyonadir.
El suygan san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi barchaga manzur bo‘ldi, sportchi yoshlarning ko‘rgazmali chiqishlari, dor va milliy o‘yinlar musobaqalari, xalq amaliy san’ati – folklor namunalari, bir-biridan mazali milliy taomlar tanlovlari o‘tkazildi. Ko‘tarinki ruhda o‘tkazilayotgan sayillar saxovatli zaminimizning bebaho ne’matlarga boyligi, mehnatkash xalqimizning yuksak ma’naviyati, go‘zal fazilatlari, bir-biriga mehr-oqibatini yana bir bor namoyon qilmoqda.
Shu kabi sayillar Farg‘ona shahridagi Ahmad al-Farg‘oniy nomli madaniyat va istirohat bog‘ida hamda “Kimyogarlar” istirohat bog‘ida ham bo‘lib o‘tmoqda.
M. Sulaymonov, O‘zA
M.Qodirov olgan surat