Farg‘onada navbatdagi tadbirkorlar qabuli bo‘lib o‘tdi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona shahridagi “Tadbirkorlar uyi”da viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Avazbek O‘rinboyev tadbirkorlar bilan uchrashdi.
Tadbirkorlarning tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishga ko‘maklashish, muammo va murojaatlariga qonuniy yechim topish maqsadida tashkil etilgan qabulda 60 nafarga yaqin ishbilarmon hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagidagi fuqarolar o‘z masalalari bo‘yicha murojaat qildi. Qabulda har bir tadbirkor bilan birga o‘sha hududga biriktirilgan hokim yordamchilari ham qatnashdi.
Qabulda tadbirkorlik faoliyatining turli yo‘nalishlarida mavjud muammolarning yechimi hamda yangi loyihalarni amalga oshirish borasidagi masalalarda murojaatlar kelib tushdi.
[gallery-8561]
Har bir murojaat, taklif va tashabbus diqqat bilan eshitilib, mavjud to‘siq va muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etish bo‘yicha tegishli soha mutasaddilariga topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Qabul oldidan shuningdek, fuqarolar tomonidan kelib tushgan murojaatlar va hokim yordamchilari tavsiyasi bilan subsidiya mablag‘lari hisobiga sotib olingan tikuv mashinalari, motokultivatorlarni hamda yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun sertifikatlarni o‘z egalariga topshirish marosimi ham o‘tkazildi.
Xususan, Farg‘ona, Marg‘ilon, Quvasoy shaharlari, Beshariq, Dang‘ara, Rishton, So‘x, Toshloq, Uchko‘prik, Furqat va Quva tumanlaridan kelgan ishsiz, kam ta’minlangan, daftarlarga kiritilgan yurtdoshlarimizning bandligini ta’minlash, daromad olishida ko‘mak berish maqsadida ularning 42 nafariga tikuv mashinalari, 5 nafariga motokultivator hamda 30 nafariga yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun maxsus sertifikatlar topshirildi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA