Farg‘onada kasb, bandlik va tadbirkorlik yarmarkasi
Farg‘ona shahridagi Kasbiy ko‘nikmalar markazida yoshlar bandligini ta’minlash, ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Kelajak tadbirkori — 2026» kasb, bandlik va tadbirkorlik imkoniyatlari yarmarkasi bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, O‘zbekiston Milliy banki, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Farg‘ona viloyati hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etilgan.
Yarmarkada viloyatdagi 10 ming nafardan ziyod o‘g‘il-qiz va ishsiz fuqaro ishtirok etdi. Ular ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilib, bo‘sh ish o‘rinlari va amaliyot dasturlari bilan tanishdi. Shuningdek, zamonaviy kasblarni egallash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda startap loyihalarini moliyalashtirish imkoniyatlari haqida ma’lumot oldi.
— Bugungi kunda yoshlar uchun nafaqat sifatli ta’lim olish, balki egallagan bilimlarini amaliyotda qo‘llash, munosib ish topish va kelajakda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish ham muhim. Bunday yarmarkalar ish beruvchilar bilan muloqot qilish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar haqida ma’lumot olish va tadbirkorlik g‘oyalarini rivojlantirish uchun keng imkoniyat yaratadi, - deydi Farg‘ona davlat texnika universiteti talabasi Mohinur Ruhziyeva.
[gallery-31956]
«Kelajak tadbirkori — 2026» yarmarkasi yoshlarning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning bandligini ta’minlash va istiqbolli tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashishga xizmat qiladi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA