“Farg‘onada ishlab chiqarilgan” brendi o‘z xaridorlarini topmoqda
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda tadbirkor va ishbilarmonlar qatlami mustahkam oyoqqa turib, rivoj topishi uchun qulay sharoit yaratib berildi.
Ayniqsa, keyingi besh yilda Prezidentimiz biz tadbirkorlarga ko‘makdosh bo‘lib, barcha sharoitlarni yaratib berayotgani e’tiborga molikdir.
Farg‘ona viloyati uzumchilikda ham katta maktabga ega. Uzumning sanoatbop navlarini ko‘paytirish, qayta ishlash, sohaga ilm-fan yutuqlarini keng joriy etish, eksport salohiyatini oshirish kabi muhim jihatlarga keyingi yillarda katta e’tibor qaratilyapti. “Ferghana France” mas’uliyati cheklangan jamiyati bu yo‘nalishda yangi loyihalarni amalga oshirmoqda.
–Korxonamiz tasarrufidagi 500 gektardan ziyod uzum plantatsiyalarida dunyoning turli qit’alari – Fransiya, Ispaniya, Gruziya, Ozarbayjon davlatlaridan keltirilgan eng noyob uzum navlari parvarishlanmoqda, –deydi jamiyat rahbari Azizbek Komiljonov. –Uzumdan tayyorlangan 20 turdan ortiq mahsulotlar Boltiqbo‘yi, Qozog‘iston, Tojikiston, Rossiya, Xitoy mamlakatlariga eksport qilinyapti. 2020 yili 300 ming yevrolik mahsulot eksport qilgan bo‘lsak, joriy yilning olti oyida eksport hajmi 270 ming yevroni tashkil etdi.
Eng zamonaviy shart-sharoitlar yaratilgan uzumchilik majmuasida ekoturizm ham jadal rivojlanyapti. Seleksiya ishlarini jadallashtirish, intensiv usulda ko‘chat yetishtirish va parvarishlash, jahon bozorida xaridorgir danaksiz uzum navlarini ko‘paytirish hamda qayta ishlash sanoatiga yangi texnologiyalarni joriy etish, yozgi va qishki ekoturizm marshrutlarini yanada kengaytirish maqsadida chora-tadbirlar belgilandi.
Shu maqsadda endilikda davlatimiz tomonidan uzum plantatsiyalari uchun subsidiyalar ajratilayotgani, yangi tokzorlar barpo etish, eski bog‘ va uzumzorlarni yangilash tizimi yaratilayotgani katta imkoniyat bo‘ldi. Qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan, hosildorligi past bo‘lgan tashlandiq yerlarda tokzorlar barpo etayotgan tadbirkorlar uchun bunday imtiyozlar juda ham zarur.
bugungi kunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari iqtisodiyotimizning tayanch kuchlaridan biriga aylanib bormoqda. Yurtimizda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti, tadbirkorlarga berilayotgan turli imtiyozlar ularga nafaqat ichki bozorga, balki jahon bozoriga dadil kirib borishi uchun keng yo‘l ochayapti. Bugun jahon bozorida mayiz va tabiiy vino mahsulotlari juda ham xaridorgir. Ayni jihatlarni inobatga olib, mazkur korxona faoliyatini ilg‘or tendensiyalar asosida rivojlantirish, yangi tokzorlar barpo etish, mahsulot turlarini kengaytirish, ekoturizm salohiyatini yuksaltirish uchun istiqbolli biznes-rejalar ishlab chiqishni maqsad qilgan.

M. Sulaymonov, O‘zA