Farg‘onada ichki yo‘llar asfalt qilinmoqda (+video)
Avtomobil yo‘llarini iqtisodiyotning qon tomirlari, deb ataydilar. Darhaqiqat, umumfoydalanish yo‘llarining mavjudligi va sifati iqtisodiy barqarorlik omillaridan biridir.
Farg‘ona viloyatida jami 19977 kilometr avtomobil yo‘llari bo‘lib, shundan umumiyfoydalanishdagi qismi 4057 kilometrni tashkil etadi. Ularni joriy ta’mirlash, yangi yo‘llar qurish uchun shu yilning o‘zida viloyat avtomobil yo‘llari hududiy boshqarmasi 46,3 milliard so‘mlik 102 dona yo‘l texnikasi sotib oldi.


Umumfoydalanishdagi yo‘llar har holda risoladek, desa bo‘ladi. Ammo ichki yo‘llar-chi? “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari asosida ularning deyarli yarmi asfalt qilindi yoki shag‘al to‘kildi. Mana endi “Tashabbusli byudjet” dasturi amal qilyapti. 2024 yilda birgina viloyat avtomobil yo‘llari hududiy boshqarmasi 147,9 milliard so‘m mablag‘ evaziga 363 km yo‘llarni ta’mirladi. Bundan tashqari, mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda mahalladagi 602 km uzunlikdagi tuproq yo‘llarga shag‘al yotqizildi.
Qo‘shtepa tumani yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi ishchi mutaxassislari shu kunlarda Yangiariq mahallasidagi ichki yo‘llarda asfaltlashtirish ishlarini olib bormoqda. Mahalla “Tashabbusli byudjet”da ishtirok etib, 3178 metr yo‘lni asfaltlantirish uchun 1 mlrd 360 mln so‘m yutib oldi. Mahallada 9 ta nomdagi ko‘cha bo‘lib, bir qismi “Obod mahalla” dasturi asosida asfaltlangan edi. Ammo hali uzoq yillar, balki ochilganidan buyon asfalt ko‘rmaganlari ham bo‘lgan.


– Uchta farzandim bor. Maktab bir yarim kilometr uzoqlikda, – deydi Qudrat Ahmedov. –Bolalar maktabga loy kechib borishar edi. 30 yil deganda asfalt bo‘lyapti. Mahallamizdagi aholi, hammamiz xursandmiz.
Asfalt qalinligi, uning ostidagi zichlik, asfalt sifati jamoatchilik nazoratida. Tuman yo‘lsozlari loyihada belgilangan barcha ko‘rsatkichlarga amal qilishmoqda.


– 250 km yo‘l bu yil yuz foiz ta’mirdan chiqarildi. Tashabbusli byudjet hisobidan korxonamiz shaffof tenderda qatnashib, ikkita mahalla fuqarolar yig‘ini g‘olib deb topildi, – deydi Qo‘shtepa tuman yo‘llardan foydalanish muassasasi bosh muhandisi Tohirjon Madrahimov. – Yangiariq mahallasidagi 3,2 km yo‘lga shag‘al yotqizish ishlari yakunlanib, asfaltlash yakuniga yetyapti.
Ha, qishloq va mahallalarda navbati bilan tuproq ko‘chalarga asfalt yotqizilyapti. Ammo hali yo‘lsozlarning ta’kidlashicha, viloyatdagi avtomobil yo‘llarining 4051 kilometr yoki 20 foizi va yana 237 ta ko‘prik ta’mirtalab. Bu esa avtomobil yo‘llari uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratilishini talab etadi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/jCiiWBP2xUo" title="Farg‘onada ichki yo‘llar asfalt qilinmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA muxbirlari