Farg‘onada g‘alla o‘rim-yig‘imi boshlandi
Farg‘onalik fermerlar g‘alla yetishtirishda katta tajriba ega bo‘lib, hosildorlikni yildan-yilga oshirish chora-tadbirlarini ko‘rmoqda.
Bu yil viloyat bo‘yicha 95 ming 720 gektar maydonda o‘rtacha 80-85 sentnerdan, 745,8 ming tonna boshoqli don hosilini yig‘ishtirib olish rejalashtirilgan.
Ayni kunlarda dalalarda hosil pishib yetildi. Xo‘sh, mavsumga tadorik qanday? Dang‘ara tumani “Haydarobod zamini” fermer xo‘jaligida g‘alla hosilini uyushqoqlik bilan o‘rib-yig‘ib olishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali viloyat seminarida ana shu masalalar muhokama etildi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat, tumanlar sektorlari rahbarlari, g‘allachilik klasterlari rahbarlari, yig‘im otryadlari boshliqlari, qishloq xo‘jaligi tizimidagi tashkilotlar mutasaddilari dastlab mazkur fermer xo‘jaligi g‘alla maydonlarida bo‘lib, pishib yetilgan boshoqli don hosilini ko‘zdan kechirdi. Hosilga baraka tilab, duolar qilindi va viloyatda g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumi boshlandi.
Ko‘rgazmali seminarda ishtirok etgan viloyat hokimi dehqonlarning 9 oylik samarali mehnatlari natijasida viloyatda mo‘l g‘alla hosili yetishtirilgani, oldinda muhim va mas’uliyatli jarayon – g‘alla hosilini uyushqoqlik bilan yig‘ishtirib olish vazifasi turganini qayd etdi. G‘alla xalqimiz hayotida muhim o‘ringa ega ekanligi ta’kidlandi. Hosilni maslahatli, tartib-intizom bilan, tizimli ish tashkil etib, yig‘ishtirib olish zarurligiga e’tibor qaratildi.
2022-2023 yillarda g‘alla hosildorligi bo‘yicha viloyat respublikada birinchi bo‘lib turgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bu yilgi mavsumda ham o‘rim-yig‘im ishtirokchilarining moddiy manfaatdorliklari alohida e’tiborga olinib, otryad boshliqlari, mexanizatorlar va haydovchilarga pul mablag‘lari berildi.
Kombaynchilar, haydovchilar va o‘rim-yig‘imning boshqa ishtirokchilarining unumli va barakali ishlashlari uchun dala boshida qulay sharoit yaratib beriladi.
Hududlarda o‘rimni tizimli tashkil etish maqsadida 328 ta o‘rim otryadi shakllantirildi. Ularga yuqori unumli don o‘rim kombaynlari, 1696 dona don tashish texnikasi, 328 ta ko‘chma ustaxona va 173 dona yoqilg‘i tashish texnikasi biriktirildi.

Seminarda ta’kidlanganidek, kombaynlarning har bir ish soati, harakati nazoratda bo‘ladi. Ularning ish samaradorligi tahlil qilib boriladi. Natijalarga qarab kombaynchi va haydovchilar, otryad boshqa a’zolari rag‘batlantirilib boriladi.
Seminar davomida joriy yilgi g‘o‘za parvarishida agrotexnik tadbirlarni sifatli amalga oshirish bo‘yicha tumanlardagi holat, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan ham mas’ullar ma’lumotlar berdi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri