Mamlakatimiz hududlari, hatto Toshkentu azimda ham elektr ta’minotida taqchilliklar ro‘y bermoqda. Odatda bunga aholi soni, tadbirkorlik sub’ektlari, ishlab chiqarish quvvatlari oshgani sabab qilib ko‘rsatiladi. Bu ham haqiqat. Ammo yana bir qancha omillar borki, u ham elektr quvvatlari sarfini kamaytiradi. Bu avvalo, ta’minot tarmoqlaridagi nosozliklarning bartaraf etilishi bilan bog‘liq. Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi AJ ishchi mutaxassislari bu borada salmoqli ishlarni amalga oshirdilar.
–Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha 6/10 kVtli yacheykalarni rekonstruksiya qilish ishlarini bajardik. 27 ta moylovchi vakum almashtirildi. 6 dona yuqori kuchlanishdagi transformatorlar mukammal ta’mirlandi. 270 ta transformator esa joriy ta’mirdan chiqarildi, –deydi korxona nimstansiyalar xizmati rahbari Shukrullo Isoqov. –Bu ishlarni biz 1-avgustgacha bajarishga erishdik. Farg‘ona va Qo‘shtepa tumanlarida yangi yirik tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etilishi munosabati bilan qo‘shimcha quvvatlar talab qilinyapti. Vodil, Chimyon, Do‘rmon nimstansiyalarida quvvatlarni oshirish rejalashtirildi. U yilning 3-choragida yakunlanadi.
Davlatimiz rahbarining qarorlari va topshiriqlariga ko‘ra har bir mahalla, ko‘cha tayanch ustunlari, tarmoq simlari xatlov va ko‘rikdan o‘tkazildi. Aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi.

–2892 kilometr elektr uzatish tarmoqlari 987 ta transformatorlar to‘liq ta’miri amalga oshirildi, – deydi taqsimlash tarmoqlari xizmati boshlig‘i Hayitboy Irgashev. –Ta’minotda uzilishlarni keltirib chiqaruvchi sabablar: salqi simlar tortildi, yaroqsiz holga kelgan tayanch ustunlar yangilandi, izolyator va simlar, bog‘lovchi kabellar, ularni ulash uchlari va transformatorlarning moylari almashlirildi.

Viloyat bo‘yicha mazkur ta’mirlash ishlariga 3,80 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ sarf etildi.
Farg‘ona viloyatida bugungi kun holatiga 842 ming 456 ta aholi , 54 ming 230 ta ulgurji iste’molchilar mavjud.

Mazkur iste’molchilarga 174 ta podstansiyalar, 20 ming 716 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari hamda 9 ming 172 dona turli quvvatdagi transformator punktlari orqali elektr energiyasi yetkazib beriladi.
Xo‘sh, aholisi soni va sanoat quvvatlari kundan-kun o‘sib borayotgan Farg‘ona viloyatida elektr energiyasi iste’moli qay tomon o‘zgarmoqda? Tabiiyki, aholi turmush sharoitining farovonlashuvi, tashqi va ichki investitsiyalar natijasida qurilgan yangi ishlab chiqarish korxonalari, mavjud texnologiyalarning takomillashuvi elektr quvvatiga ehtiyojning oshishiga olib kelmoqda.

–2023 yil iyul oyida viloyatda har kuni 17,5 million kVt soat elektr quvvati iste’mol qilindi. Iyul oyining o‘zida esa bu raqam 520 million kVtga yetdi. Bu o‘tgan 2022 yil iyul oyiga nisbatan 12 % ga ko‘pdir, – deydi Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi direktor o‘rinbosari Ernest Ibragimov.

Ta’minotchi o‘z nomi bilan ta’minotchidir, ya’ni u elektr quvvati ishlab chiqaruvchi emas. Shunga qaramay tizimning sozligi tejamkorlikning omillaridan biri. Shuning uchun Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tarkibida bu borada 109 ta brigadalar tashkil topgan. Ularga 33 ta maxsus texnika biriktirilgan. 66 ta guruh esa ixtisoslashgan texnik xizmat ko‘rsatish avtomobillari bilan ta’minlangan. 660 nafar mutaxassislar aholini tunu-kun uzluksiz elektr bilan ta’minlash ustida mehnat qilmoqda.

–2023 yilda 184 kilometr yangi elektr ta’minoti tarmoqlari qurildi va 113 ta transformator yangidan o‘rnatildi. O‘tgan yilgi 16 MGVtli nimstansiya o‘rniga 25 MGVt li nimstansiya qurildi, - deydi Ernest Ibragimov.
Umid qilish mumkinki, 2023-2024 kuz-qish mavsumida Farg‘ona viloyatida elektr quvvatlari taqchilligi minimallashadi.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/CkxkrDNqL9U" title="Farg‘onada elektr ta’minotidagi taqchillik minimallashadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA