Farg‘onada elektr energiyasi o‘g‘rincha ishlatilgan
Elektr energiyasini ishlab chiqarish oson jarayon emas. Shu bois, elektr energiyasidan oqilona va qonuniy foydalanish har bir iste’molchining asosiy burchidir. Biroq iste’molchilar orasida davlat manfaatiga ziyon yetkazib, ushbu manbadan o‘g‘rincha ishlatishga urinayotganlar ham tez-tez uchramoqda.
Yaqinda Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan Farg‘ona viloyati prokuraturasi va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda shunday kimsalarning qilmishlari oshkor etildi.
Unga ko‘ra, Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanidagi “Minabod” MFYda joylashgan Kardiologiya markazining elektr qurilmalaridagi elektr hisoblagich elektr energiyasini hisobga olmayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu holat tufayli 335 ming kilovatt soat hisobga olinmagan elektr energiyasi bo‘yicha 167 million so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Shuningdek, Bog‘dod tumanidagi “Yangiobod” MFYda istiqomat qiluvchi D.R. o‘ziga tegishli suv nasosi xo‘jaligida qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan. Mazkur xo‘jalik elektr qurilmalarining hisoblash uskunasida davlat muhri buzilgan va isoblash uskunasiga tashqi ta’sir ko‘rsatish natijasida 234 ming kilovatt soat hisobga olinmagan elektr energiyasi bo‘yicha 105 million so‘m miqdorida zarar keltirilgan.
Har ikki holat bo‘yicha aniqlangan ushbu hajmdagi elektr energiyasi (jami 569 ming kVt soat) 2 ming 800 ta xonadonning bir oylik iste’molini tashkil qiladi. Hozirda mazkur holatlar yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar belgilangan tartibda huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilingan.
N. Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA