Farg‘onada eksport hajmi va eksportyor korxonalar soni ortmoqda
Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan joriy yilning o‘tgan 8 oyi davomida 485 million dollarlik tovarlar eksport bojxona rejimiga rasmiylashtirildi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan 2020 yilning shu davrida 346 million dollarni tashkil etib, mos ravishda 139 million dollarga yoki 40,1 foizga ko‘p demakdir.
Mahsulotlarning eksporti 58 ta davlatga amalga oshirildi. Viloyatning asosiy eksportyor davlatlari hisoblangan Rossiya, Xitoy, Qirg‘iziston va Turkiyaga jami eksportning 65 foiziga teng bo‘lgan 315,2 million dollarlik tovar eksport qilindi.
Hisobot davrida eksport qilingan tovarlarning 339 million dollari sanoat mahsulotlari, 146 million dollari esa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keldi. Meva-sabzavot mahsulotlari jami 27 ta davlatga, asosan Rossiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Ukrainaga eksport qilindi.
Farg‘ona viloyatida ishlab chiqarilgan ip-kalava, to‘qimachilik mahsulotlari, keramika buyumlari, avtomobil ehtiyot qismlari va oyoq kiyimlar kabi tovarlarga xorijda talabning ortishi natijasida mos ravishda ushbu tovarlarning eksport hajmi ham o‘rtacha hisobda 43,5 foizga o‘sganini ko‘rishimiz mumkin.
Hisobot davrida eksport faoliyati bilan shug‘ullangan tadbirkorlik sub’ektlarining soni 583 tani tashkil etdi. Mamlakatimizda eksportni qo‘llab-quvvatlanayotganligi va eksportyor korxonalarga berilayotgan imtiyozlar sabab 2020 yilning mos davriga nisbatan eksportyor tadbirkorlar soni 52 nafarga ko‘paygan.
M. Sulaymonov, O‘zA