Farg‘onada DXM filiallari soni 9 taga yetdi
bugungi kunda Davlat xizmatlari markazlari xalq va davlat idoralari o‘rtasida mustahkam ko‘prik vazifasini bajarishga kirishdi.
Endilikda fuqarolarimizga qulaylik yaratish maqsadida markazdan olis hududlarda filiallar tashkil etilyapti. Farg‘ona viloyatida aholning uzog‘ini yaqin qilish maqsadida ish boshlagan filiallar soni kundan kunga ortib bormoqda.
Jumladan, Uchko‘prik tuman markazidan 33 kilometr uzoqlikda joylashgan “Oqsuv” mahallasida Davlat xizmatlari markazining filiali ish boshladi. Ushbu filial “Sariqo‘rg‘on”, “Yangiyer”, “Qurbonqashqar”, “Tojik”, “Oqsuv” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida istiqomat qiluvchi 30 mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatadi.
– Davlat xizmatlari markazi xodimlari bilan doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz, markaz xodimlari imkoniyati cheklangan mahalladoshlarimizga xizmat ko‘rsatish uchun tez-tez kelib, sayyor xizmat ko‘rsatib ketishadi, – deydi mahalla faoli Abdusalom Abdulhaqov. – Endi xizmatlardan foydalanishimiz yanada osonlashdi. Mahallamizning o‘zida Davlat xizmatlari markazining filiali ochildi. Yaqin-atrofdagi tumandoshlarimizning yumushlari shu yerning o‘zida bitadigan bo‘ldi.
Buvayda tumani Davlat xizmatlari markazining “Buvayda” filiali markazdan 15 kilometr uzoqlikda joylashgan. “Buvayda” filiali Yangiqadam, Yangihayot, Arab, Bostonbuva, Alqor, Turk, Urganji, Jilva, Beshterak, Xo‘jaobod, Shodlik, Buvayda, Elobod, Ozod, Qilovtepa, Bumozor, Yangiqishloq, Tog‘liq kabi 19 ta qishloqda yashovchi 40 mingga yaqin fuqarolarga xizmat qiladi.
– Yoshim yetmishga yaqinlashgan bo‘lsa, oddiy odamlar uchun yaratilayotgan bu kabi sharoitlarga endi guvoh bo‘lyapman, – deydi mehnat faxriysi Ahmatqul ota Boboyev. – Yaratganga shukr, bir parcha qog‘oz uchun kunni kech qiladigan zamonlar o‘tdi. Shundoqqina mahallamiz markaziga kiramizda, istalgan xizmat turidan foydalanamiz.
Filiallarda barcha qulayliklar mavjud. Zamonaviy jihozlangan, keng va yorug‘ xizmat xonasi, xushmuomala va samimiy markaz xodimlari xalqimiz xizmatiga kamarbasta.



M. Sulaymonov, O‘zA