Farg‘ona viloyatida o‘zbek, tojik, qirg‘iz, rus, koreys va ko‘plab boshqa millat vakillari bir oila a’zolaridek yashab, yurtimiz rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda joriy qilingan “Xalqlar do‘stligi kuni” doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar, muloqotlar ularni yagona maqsad sari birlashtirmoqda.
Farg‘ona shahridagi Islom Karimov nomidagi teatr-konsert saroyida tashkil etilgan do‘stlik festivali ham buning yaqqol isboti deyish mumkin. Festivalga tashrif buyurgan mehmonlar dastlab viloyatda faoliyat olib borayotgan milliy madaniy markazlar tomonidan ochiq maydonda tashkil etilgan ko‘rgazma bilan tanishdi.
[gallery-8149]
Tadbirning ochilish marosimida ishtirok etgan Xayrullo Bozorov barcha yig‘ilganlarni do‘stlik kuni bilan qutladi. Do‘stlik dunyodagi eng ulug‘, katta ahamiyat kasb etguvchi qadriyatlardan ekanini qayd etgan viloyat rahbari qalblarni, millatlarni, xalqlarni birlashtiruvchi, yagona harakat uchun hammani oldinga chorlovchi tuyg‘u bo‘lgan do‘stlik va bag‘rikenglik davlatimiz siyosatining asosiy prinsiplaridan biri ekaniga e’tibor qaratdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan “Inson qadri uchun" degan ezgu tamoyilni o‘zida mujassam etgan islohotlar dinidan, tilidan, millatidan qat’i nazar O‘zbekistonda yashayotgan 130 dan ortiq millat, elat vakillarining huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilganini ta’kidladi.
Tadbirda Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan davlat mukofotlari bilan taqdirlangan bir guruh faxriylarning mehnatlari alohida e’tirof etildi. Shundan so‘ng viloyatda faoliyat olib borayotgan koreys, tojik, yahudiy, turk, qirg‘iz, nemis, tatar, slavyan milliy madaniy markazlari rahbarlari bayram munosabati bilan viloyat hokimining faxriy yorliq, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbir davomida taniqli san’atkorlar hamda milliy madaniy markazlari ijodkorlari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, raqslar bayram ishtirokchilariga ko‘tarinkilik ulashdi.
M.Sulaymonov,
M. Qodirov (surat), O‘zA