Farg‘onada bog‘chadagi tamagirliklar fosh bo‘ldi
Bog‘chalarda ishlaydigan ayrim rahbarlar bolalarning haqiga xiyonat qilishdan qo‘rqmay, qing‘ir ishlarga qo‘l urmoqda.
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida nafs kuyiga kirgan ana shunday shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Malohat Bozorova 40-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida ishlab kelardi. Afsuski, u halol ishlash o‘rniga o‘zgalarning haqiga ega chiqib, daromad ko‘rmoqchi bo‘ldi.
Dastlab oziq-ovqat mahsulotlarini taomnomalarga asosan chiqarilgan xarajatlarga nisbatan hisobotlarda asossiz ravishda oshirib ko‘rsatib, mablag‘larni talon-taroj qilgan. Shuningdek, u bu ishlarni davom ettirib, hujjatlarga soxta ma’lumotlar kiritadi. O‘ziga ishonib topshirilgan va ixtiyorida bo‘lgan tashkilotning 140 million so‘mdan ortiq mulkini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilib yuborgan.
Nafsi hakalak otgan opa o‘g‘lining nomiga qurilish-ta’mirlash ishlariga ixtisoslashgan jamiyat ochib, byudjet mablag‘larini o‘zlashtirishni maqsad qiladi. M.Bozorova o‘zi ishlaydigan maktabgacha ta’lim tashkilotida 2018-2021 yillarda amalga oshirilgan joriy ta’mirlash ishlariga soxta hujjatlar tayyorlab, amalda qilinmagan 72 million 633 ming so‘mni o‘zlashtirishga erishadi. Bundan tashqari, u moddiy javobgarligi ostida bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini ham o‘zlashtirgani ma’lum bo‘ldi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Bag‘dod tuman sudi tomonidan mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, sudlanuvchiga nisbatan ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni qoplash maqsadida to‘langan pullar davlat foydasiga o‘tkazildi.
M. Sulaymonov, O‘zA