FOTOREPORTAJ
Farg‘ona shahrida joylashgan Islom Karimov nomidagi viloyat teatr va konsert saroyida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, professor Abduhoshim Ismoilov ijodiy merosiga bag‘ishlangan “Abduhoshim Ismoilov ijodiy asarlari” xalqaro ko‘rik-tanloviga start berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, viloyat hokimligi, O‘zbek milliy maqom san’ati markazi va “Creative Reactive” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashabbusi bilan tashkil etilgan tanlov yurtimizning boy musiqiy merosini, ayniqsa maqom san’atini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish va shu orqali milliy san’atni global miqyosda tanitish maqsadiga qaratilgan. Unda mahalliy hamda xorijiy davlatlardan taniqli san’atkorlar, yosh ijodkorlar hamda musiqiy ijro ustalari ishtirok etayotir.
[gallery-21477]
Tanlovda 155 nafar ishtirokchi cholg‘u ijrochilik ansambli, cholg‘u ijrochilik (yakka ijro), an’anaviy xonandalik ansambli, ayollar ovozi (yakka ijro) va erkaklar ovozi (yakka ijro) yo‘nalishlarida o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazmoqda.
Ta’kidlash kerak, ishtirokchilar faqat Abduhoshim Ismoilov tomonidan bastalangan, ijro etilgan yoki qayta ishlangan asarlar bilan qatnashish imkoniga ega bo‘lib, jarayonda fonogrammadan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Tanlovda qatnashish orqali yoshlar nafaqat o‘z ijro qobiliyatini baholash imkoniyatiga ega bo‘ladi, balki O‘zbekistonning betakror musiqa merosini yanada kengroq kashf etadi.
Ko‘rik-tanlov doirasida O‘zbek milliy maqom san’ati markazi tarixiy ekspozitsiya bo‘limi tomonidan Abduhoshim Ismoilovning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan maxsus ko‘rgazma tashkil etildi. Ushbu ko‘rgazma orqali buyuk san’atkorning ijodiy merosini, milliy musiqiy san’atimiz rivojiga qo‘shgan hissasini yanada chuqurroq anglash imkoniyati yaratilgan. Unda Abduhoshim Ismoilovning nodir asarlari, hayotiy lavhalari va ijodiy faoliyatiga oid tarixiy hujjatlar namoyish etilmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA