Farg‘onada 5 ming gektar yer maydoni yoshlarga ajratiladi
Mamlakatimizda yoshlar bilan ishlashda yangi tizim yaratilgan bo‘lib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz raisligida joriy yil 23-fevral kuni yoshlar bandligini ta’minlash chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda joriy yildagi dolzarb vazifalar belgilab berilgan edi. Mazkur topshiriqlar bo‘yicha amaliy ishlarga kirishildi. Endilikda minglab yoshlar yer olib, daromad topish imkoniga bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 5-apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Farg‘ona viloyatida qishloq xo‘jaligi sohasida katta tajriba yaratilgan bo‘lib, undagi imkoniyatlar yoshlar bandligida muhim o‘rin tutadi. O‘tgan yillarda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, dehqonchilik qilish istagini bildirgan, yerga ehtiyoji bor yigit-qizlarga yer ajratilgani o‘z samarasini berdi. Ular qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirib, yaxshi daromadga ega bo‘ldi. Shu bois bugungi kunda shahar va tumanlarda yer olishga talabgorlar anchagina.
– Prezidentimizning qaroriga ko‘ra, tuman hokimliklari zaxirasidagi 60 ming gektar yer maydoni elektron onlayn auksion savdolariga qo‘yilib, dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun yoshlarga ijaraga beriladi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Muhammadamin G‘aniyev. – Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdan sotishgacha bo‘lgan zanjirni qamrab oluvchi yangi tizim joriy etilmoqda. Yer maydonini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolari “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali “mahalla yettiligi”ning tavsiyasi bilan shakllantiriladigan ro‘yxatga kiritilgan yoshlar (talabgorlar) o‘rtasida o‘tkaziladi.
Bunda yer maydonlarini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolari g‘oliblariga yer uchastkasi narxini 10-yil muddatga teng ulushlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.
Ma’lumotlarga qaraganda, ayni kunlarda viloyatda 5 ming gektar yer maydoni elektron onlayn auksion savdolariga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan. Shahar va tumanlarda 21 ming nafar talabgor yoshlarning ro‘yxati shakllantirilmoqda.
Yer olgan yoshlar Agrobankning “Fermerlar maktabi”, “Suvchilar maktabi”da, agrar sohadagi kadrlar tayyorlanadigan oliy ta’lim muassasalari va hududlardagi kichik biznes qo‘llab-quvvatlash markazlarida hosildor eksportbop ekinlar yetishtirish bo‘yicha o‘qitiladi. Ularga tijorat banklari tomonidan 7-yilgacha muddatga 100 million so‘mgacha kredit ajratiladi. Mini-texnika, urug‘ va ko‘chatlar sotib olishga “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hamda Fermerlar jamg‘armasidan subsidiya ajratiladi.
Shuningdek, joriy yilda viloyatda 10 ming gektar yer maydoni yangidan o‘zlashtirilishi va qaytadan foydalanishga kiritilishi rejalashtirilgan. Bu ham aholi, xususan, yoshlarning bandligini ta’minlash, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirishga xizmat qiladi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri