Farg‘onada 30 kg.dan ortiq narkotik moddalar musodara qilindi
Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Farg‘ona shahrida yashovchi, 1978 yilga tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan fuqaroning yashash xonadoni yon-atrofi ko‘zdan kechirilganida, yerga ko‘mib qo‘yilgan 21 kg. 579 gr. «gashish» moddasi borligi aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, tojikistonlik narkokurerlar tomonidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan ushbu giyohvandlik vositasini u kelgusida Toshkent shahri hamda Farg‘ona vodiysi viloyatlarida sotishni rejalashtirgan.
Shuningdek, mazkur shaxsning jinoiy sherigini aniqlash maqsadida tezkor tadbir davom ettirildi va «Farg‘ona-Toshkent» yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan «Neksiya» rusumli avtomashina Namangan viloyatining Pop tumani hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.
Natijada Farg‘ona tumanida istiqomat qiluvchi, 1983 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi avtomashinaning yukxonasida 2 kg. 816 gr. «gashish» moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
DXX xodimlari tomonidan viloyat IIB bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Qo‘qon shahrida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan fuqaroning xonadonida 4 kg. 831 gr. «opiy» va 995 gr. «gashish» moddalari borligi ma’lum bo‘ldi.
Aniqlanishicha, ushbu giyohvandlik vositalari Qo‘qon shahrida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan shaxsga tegishli bo‘lib, u Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan narkotiklarni Toshkent shahrida sotishni rejalashtirgan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zA