Xalqimiz ham azal-azaldan oilani muqaddas, muborak dargoh sifatida e’zozlagan, bu qo‘rg‘onga zavol yetmasligi uchun bor kuchu salohiyatini bag‘ishlagan. Zero, oila birligi, undagi muhit farzandlarni xalqqa, vatanga munosib avlod qilib yetishtirish kabi mas’uliyatli vazifani o‘z yelkasiga olgan. Farg‘ona viloyatida bugungi kunda 1 million 200 mingdan ziyod oilalar bo‘lib, ular orasida ibratlilar anchagina.
15 may – Xalqaro oila kuni arafasida viloyatdagi 189 ta oila “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangani ham buni yaqqol ko‘rsatib turibdi. Viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan tadbirda mazkur ko‘krak nishoni o‘z egalariga topshirildi.


Tadbirda oila muqaddas dargoh ekanligi qayd etilib, mamlakatimizda oilalar mustahkamligini ta’minlash borasidagi ishlar e’tirof etildi. Barchaga o‘rnak va ibrat bo‘layotgan oilalarga minnatdorchilik bildirildi.

– Oila – hurmat, hamjihatlik va mehr-muhabbatdan dars beruvchi ulug‘ maskandir, – deydi Buvayda tumanilik Izzatillo Enazarov. –Bizni oilada ham bunga jiddiy amal qilinadi. 4 nafar farzandni tarbiyalab, o‘qitdik. Bugun nevara, chevaralar ardog‘idamiz. Nafaqada bo‘lsamda, doimo qaynoq hayot davrasida o‘zimni baxtiyor sezaman.Tuman nuroniylari bosh bo‘lib, xalq xizmatidaman. “Ibratli oila” ko‘krak nishoni yanada zimmamizga mas’uliyat yuklamoqda.

M.Sulaymonov, O‘zA