Farg‘onada 16 million tup tut ko‘chatlari ekiladi
Farg‘ona viloyatida bugungi kunda 8 ta pillachilik klasterlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Joriy yilda 39 ming 168 quti ipak qurti parvarishlanib, 2 ming 233 tonna pilla xom ashyosi yetishtirish rejalashtirilgan.
Albatta, hosildorlikni yanada oshirish uchun ozuqa bazasini ko‘paytirish zarur. O‘tgan yilda 493 gektar maydonda tutzorlar barpo etildi. Farg‘onalik pillakorlar “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida xayrli tashabbusga qo‘l urdi. Har bir tumanda 1 million tupdan jami 16 million tup tut ko‘chatlari ekiladi. Hozirga qadar viloyat bo‘yicha 6 million 706 mingdan ziyod tut ko‘chatlari ekilgan.

Xo‘sh, tut ko‘chatlarini ekishda nimalarga e’tibor qaratish lozim? Farg‘ona tumanida tashkil etilgan seminarda fermer xo‘jaligi rahbarlari, pillachilik klasterlariga bu haqida atroflicha ma’lumot berildi.
“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Olimjon Jumayev, viloyat hokimi o‘rinbosari Alibek Tursunov, viloyat “Agropilla” mas’uliyati cheklangan jamiyati boshqaruv raisi Maqsudjon Qosimovlar tut plantansiyalari va yakka tartibda qatorlab ekiladigan tutlarning parvarish texnologiyalari, agrotexnik tadbirlar haqida so‘z yuritdi. Tumanning Usmonobod hududidagi 2 gektarlik yer maydoniga 10 ming tup serhosil tut ko‘chati ekish ishlari boshlandi. Seminar ishtirokchilari mazkur jarayonni kuzatib, tut ekishning yangi usullari bilan tanishdi.

M.Sulaymonov, O‘zA