Bu haqda O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “Issiqlik elektr stansiyalari”AJ tomonidan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, joriy yil oxiriga qadar zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish evaziga tizimdagi energosamarador zamonaviy qurilmalarning ulushi 30,8 foizga yetadi. Shuningdek, 2030 yilgacha issiqlik elektr stansiyalarining ma’lum qismi tomonidan 70 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Shunga ko‘ra, uni ishlab chiqarishga tabiiy gaz hozirgiga nisbatan kam sarflanadi.
– Ayni paytda mamlakatimiz energetika sanoatini rivojlantirishning yangi bosqichida, – dedi “Issiqlik elektr stansiyalari”AJ raisining investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Fayzulla Shoismatov. – Xususan, zamonaviy, yuqori samarali energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish va ulardan foydalanish bosqichida. So‘nggi yillarda biz dunyoning bir qator yetakchi mamlakatlari, jumladan, Yaponiya, Amerika va Yevropaning energetika sohasidagi yirik kompaniyalari tajribasini o‘rganib chiqdik. Shu asnoda mamlakatimizda eng yangi, energiya samarador texnologiyalarni joriy etishga faol ravishda kirishdik va shuni ta’kidlash lozimki, qisqa fursatlarda 1 kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqishda yoqilg‘i sarfini kamaytirish bo‘yicha sezilarli natijalarga erishildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizning Qoraqum va Qizilqum kengliklarida joylashgan Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi hozirgi paytda kuniga 10 million kilovatt elektr energiyasi hosil qilmoqda. Bu oltmish yil oldin ishga tushgan dastlabki agregatning bir yillik ish hajmiga teng. Asosiy manbai tabiiy gaz bo‘lgan ulkan korxona Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatini elektr energiyasi bilan ta’minlab keladi.
Mazkur korxona singari tejamkorlik va samaradorlikka doir misollarni “To‘raqo‘rg‘on”, “Tollimarjon” IESlari va Farg‘ona elektr issiqlik markazida olib borilayotgan loyihalar misolida ham keltirish mumkin.
Shu kunlarda “Farg‘ona IEM” AJ hududida 17 megavatt quvvatli yuqori samarali kogeneratsion gaz turbina texnologiyalarini joriy etish investitsion loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu yangi qurilmani yil yakuniga qadar foydalanishga topshirish qish mavsumida Farg‘ona vodiysi xalqini qo‘shimcha elektr va issiqlik energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi.
Shuningdek, ushbu loyihani amalga oshirish Farg‘ona vodiysi hududida ishlab chiqarish quvvatlarining oshishiga olib keladi va korxonaga har yili qo‘shimcha 197,24 million kilovatt soat elektr energiyasi, 214,5 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarish, 3,2 million kubometr gazni iqtisod qilish hamda 125 ta yangi ish o‘rni yaratish imkoniyatini beradi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA