Farg‘ona viloyatida ishlab chiqarish ko‘lami kengaymoqda
Farg‘ona shahrida yaqinda foydalanishga topshirilgan “Zhongmin metal products” mas’uliyati cheklangan jamiyati metall mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.
Sanoatchilar ko‘chasida amalga oshirilgan ushbu yirik loyiha 16 million AQSH dollari miqdoridagi to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya hisobiga barpo etildi. Korxona yillik 72 ming tonna armatura ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu yerda 300 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan.
Mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, bu orqali yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish masalasi bugungi kunda mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirishning asosiy omillaridan biriga aylanmoqda.
Farg‘ona shahar IIB boshlig‘i rahbarligidagi 3-sektor hududida ham bu masalaga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Bunga shahardagi «Yormozor» MFY hududida Farg‘ona shahar hokimligi va Respublika kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat kengashi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Zamondosh tekstil” oilaviy korxonasini keltirish mumkin. Mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan barpo etilib, viloyat kasaba uyushmalari kengashi tomonidan 20 ta zamonaviy tikuv mashinasi bilan ta’minlangan korxonada bejirim qishki kurtkalar tikilmoqda. Bu yerda mahalladagi kam ta’minlangan va “Ayollar daftari” ro‘yxatida turgan o‘nlab xotin-qizlarning bandligi ta’minlangan.
[gallery-4732]
Tadbirkor Nurmuhammad A’zamov o‘z hovlisida velosiped tuzatish va terish bilan ish boshlagan. Buyurtmalar ko‘paygach, kengroq ishlab chiqarish maydoniga ehtiyoj paydo bo‘ldi. Sektor rahbariyati tomonidan unga «Yormozor» MFY hududida joylashgan bo‘sh turgan bino-inshootni auksionda sotib olish taklif etildi. 650 million so‘m hisobiga investitsiya sharti bilan sotib olingan binoda bugun 30 dan ortiq mahalla yoshlari ish bilan ta’minlangan. Korxonada turli yosh uchun mo‘ljallangan 7 turdagi velosipedlar ishlab chiqarilmoqda. Mahsulot sifati va narxi mutanosibligi ularga talabni kun sayin oshirmoqda. Tadbirkor rejasiga ko‘ra, yaqin muddatda korxona binosi mukammal ta’mirlanadi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA