Farg‘ona viloyatida 81 ming nafar yosh ishsiz
bugungi kunda Farg‘ona viloyatidagi 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 703 ming nafar yoshning 81 ming nafari ishsiz. 35 ming nafari esa xorijga chiqib ketgan. Shu bois ularning bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘rgatish muhim vazifalardandir.
Buning uchun hududlarda katta imkoniyatlar bor. Rahbarlar mazkur masalada befarq bo‘lmasdan yoshlarni ish va daromad bilan ta’minlash choralarini ko‘rishi zarur bo‘ladi. Farg‘ona shahrida ishsiz aholiga xizmat ko‘rsatuvchi “Ishga marhamat” monomarkazi hamda 17 ta filiallari tashkil etildi. Bu yerda 16 ta kasb va xorijiy tillarga o‘qitish orqali mahalliy hamda xorijiy ish beruvchilarning talablariga mos malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda. Shuningdek, hududlarda “Mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskani” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Beshariq viloyatning chekka tumani bo‘lib, 229 ming aholi istiqomat qiladi. Bu yerda 6 ming 41 nafar ishsiz yoshlarning ro‘yxati shakllantirilib, “Yoshlar daftari”ga kiritildi. Sektor rahbarlari tomonidan ular bilan tizimli ishlash choralari ko‘rilmoqda.
– O‘tgan yilda tumanimizda 953 nafar yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratildi, – deydi tuman aholi Bandligiga ko‘maklashish markazi direktori Sharifaxon Azizova. – Ish izlayotgan aksariyat yigit-qizlarda biror kasb yoki hunar bo‘yicha malaka yetishmaydi. Shu bois kasb-hunarga o‘rgatish markazi tashkil etildi. Mahalliy byudjetdan 215 million so‘m mablag‘ ajratilib, 2-kasb-hunar maktabidagi 4 ta xona joriy ta’mirlandi. Tikuvchilik, avtochilangarlik va elektr-gaz payvandchilik yo‘nalishida kasb-hunarga o‘qitish uchun zarur jihozlar sotib olindi. O‘tgan yilda tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan tumandagi sanoat korxonalari hamda yakka tartibdagi hunarmandlarning talabnomalari asosida 201 nafar ishsiz va ish bilan band bo‘lmagan fuqarolar kasb-hunarga o‘qitildi. Ularga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida stipendiyalar to‘landi. Sertifikatlar berilib, “Lyuks-yan teks”, “Shervud dizayn” mas’uliyati cheklangan jamiyati va boshqa korxonalarga ishga qabul qilindi.
Yoshlarni ish bilan ta’minlash uchun, avvalo, ular o‘rtasida tadbirkorlikni keng rivojlantirish, bu borada yangi imkoniyatlar yaratish kerak. Tumanda “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tamoyili asosida yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish va ularning bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan 25 nafar ishsiz yosh ishtirokida tadbirkorlik yo‘nalishi bo‘yicha 48 soatlik seminar-trening o‘tkazildi. Ayni kunlarda ular tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish harakatida.
Hozirda kasb-hunarga o‘rgatish markazida 60 nafar ishsiz fuqaro avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish chilangari, tikuvchilik, issiqxona va elektrogaz payvandlovchi yo‘nalishlari bo‘yicha kasb-hunarga o‘qitilmoqda.

– Markazdagi tikuvchilik yo‘nalishida o‘qiyapman, – deydi “Boy” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Lutfiya Iqbolova. – Biz kabi ishsiz yoshlarga imtiyozli subsidiyalar berilishini eshitib, biznes g‘oya ustida ish olib boryapman. Tikuvchilik sexini tashkil qilmoqchiman. Hunar inson uchun doimo kerak. Ayniqsa, uyda o‘tirgan qizlarga daromad topishida juda asqatadi.
Bundan tashqari tumandagi 1-sonli kasb-xunar maktabida avtochilangarlik, elektr-gaz payvandchi, santexnik, elekromontyor, tikuvchilik, kompyuter injiniringi va qandolatchilik yo‘nalishlarida ishsiz yoshlar kasb-hunarga o‘qitish yo‘lga qo‘yilmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA