Farg‘ona viloyatida 2022 yil paxta hosili uchun 82 ming 80 gektar yerda chigit ekish rejalashtirilgan. 12 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari, 2 ming 522 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 328 ming tonnadan ziyod sifatli paxta xomashyosi yetishtiriladi. Ayni paytda belgilangan agrotexnik tadbirlar asosida chigit ekish ishlari boshlanmoqda. Hududlarda qisqa muddatlarda bu jarayonni amalga oshirish uchun 149 ta chigit ekish otryadlari tashkil etildi.
Qo‘shtepa tumanida joriy yilgi o‘ziga xos o‘zgaruvchan ob-havo sharoitida chigitni maqbul muddatda ekish va mavsumni tizimli tashkil etish bo‘yicha ko‘rgazmali o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi mutaxassislari, tumanlar sektorlari va klasterlar rahbarlari, fermerlar hamda daxldor mutasaddilar ishtirok etdi.
“Solijonobod Mahmud” MMTP hududidagi "Global Textile Solutions" mas’uliyati cheklangan jamiyati paxta-to‘qimachilik klasterida o‘tgan tadbirda dastlab yuqori hosildor chigit va qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari, kimyoviy o‘g‘itlar namunalari, texnikalardan iborat qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasi ko‘zdan kechirildi. Sohada uzoq yillar mehnat qilgan tajribali faxriylar, viloyat faollari, nuroniylar bilan birga yaxshi niyat, duolar bilan yerga chigit qadash jarayonlari boshlab berildi.
Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov dehqonchilik mehnati og‘ir ekanligini, biroq to‘g‘ri harakat qilinsa, yerga o‘z vaqtida urug‘ qadalib, agrotexnik tadbirlar olib borilsa, mo‘l hosil olinishini ta’kidladi. Mavsum oldidan qilinajak ishlarni tajribali soha xodimlari bilan maslahatlashib amalga oshirilishi o‘ziga xos an’anaga aylanganligini va bu o‘z ijobiy natijasini ko‘rsatayotganini qayd etdi.
[gallery-6384]
Paxta yetishtirishda Turkiyaning ilg‘or tajribasi haqida to‘xtalib, o‘tgan yili paxtachilikda viloyatda o‘rtacha 34 sentnerdan hosil olingan bo‘lsa, bu yil marrani yanada baland olish zarurligi ta’kidlandi.
– Bu yil niyat, reja 40 sentner bo‘ladi. Lekin fermerlar qo‘rqmasdan 50 sentnerni maqsad qilishi kerak. Hamma imkoniyat bor, mehnat qilish kerak xolos. "50 sentnerchilar" harakatini boshlash kerak, – dedi Xayrullo Bozorov.
Klaster korxonalari ob-havo, tuproq sharoiti, amaliy tajribadan kelib chiqib, qanday nav ekishni o‘zlari tanladi. “S-8290”, “Namangan-77”, “Andijon-35” kabi sinalgan navlar qatorida tajriba tariqasida bir qator yangi navlar sinovdan o‘tkaziladigan bo‘ldi. 10 kunlik muddatda chigit ekish ishlarini otryad usulida sifatli va samarali amalga oshirish yuzasidan zarur ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Shuningdek, seminar davomida g‘allachilik va pillachilik yo‘nalishidagi chora-tadbirlar ham kelishib olindi.
M. Sulaymonov, M. Qodirov (surat),O‘zA