Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazildi
Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Ichki ishlar organlari hamkorligida Buvayda tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Marg‘ilon – Buvayda” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Kobalt” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Natijada, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan – Qo‘shtepa tumanida yashovchi shaxsning yonida 1 kg. 187 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.
Boshqa holatda esa Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Ichki ishlar va Bojxona organlari hamkorligida Urganch shahrida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida 1995 y.t., muqaddam sudlangan shaxsning yonidan va vaqtincha yashash xonadonidan jami 620 gr. “gashish” va 297 gr. “mefedron” giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur narkotik moddalar Rossiya Federatsiyasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan.
Har ikki holat bo‘yicha qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zgatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz DXXning 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.
O‘zA