Hijron o‘tig‘a bag‘rim so‘zona tong otquncha, O‘rtab yuragim, jismim biryona tong otquncha deb boshlanadigan Haziniyning mashhur "Farg‘ona tong otguncha" g‘azali yozilishi tarixi haqida turli fikrlar yuritiladi.
Po‘lat Qayyumiyning “Tazkirai Qayyumiy” asarida qayd etilishicha, Qo‘qon xonligining harbiy general gubernatori Mixail Skobelev Farg‘onaning olimu fuzalolarini yig‘ib, rus madaniyatini namoyish etish maqsadida ularga balet qo‘yib beradi. Ko‘p ulamolar, tabiiyki, balet boshlanishi bilanoq boshlarini quyi solib yerga qarab olishadi. Ularning ichida Haziniy hazratlari ham bor edi. Boshlar balet tugaganidan so‘ngina ko‘tarilgan. Bu holatdan o‘ta ta’sirlangan generalning ayoli e’tiqod hurmati eridan ularni jazolamaslikni so‘raydi.
Skobelev: «Mayli tong otguncha Farg‘onani tark qilsinlar», – deb buyruq beradi va o‘sha kech Haziniyning mashhur g‘azali dunyoga keladi. Haziniy yurti bo‘lmish Uchko‘prikning Katta Kenagas qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan Erkinjon Rajabovning so‘ziga ko‘ra g‘azalning el orasida tarqalgan yana bir varianti mavjud ekan. “Biz shunchaki qo‘shiq (Muxtorjon Murtazoyev kuy bastalagan) deb eshitadigan bu g‘azalda hazrat Haziniyning qanchalar dardu alami zohir. Mustamlakachilar tufayli o‘z Vatani, o‘z ona shahriga sig‘magan ziyolilarimiz izti¬roblarining aksi bor”, deydi uchko‘priklik Erkinjon Rajabov. Haziniyning chevarasi Nargiza Manzurning mulohazalari ham juda e’tiborli. G‘azal oshiqona, orifona mazmunda bo‘lib, ishq otashida yonayotgan oshiqning yor vasliga yetguncha ko‘z yosh to‘kib, oh-nola ila sabr etmoqlikdan o‘zga chorasi yo‘qligi, tong otgunga qadar shu iztirob og‘ushida, hatto makoniga (Farg‘onaga, tagmazmunda zamin, yerga) ham sig‘mayotgandek bo‘layotgani tasvirlanadi. G‘azal matnining mazmun-mohiyati birlamchi ma’noda majoziy ishq va oshiq holatining undagi aksiga ishorat qilayotgani ayon. Haziniy ijodida ishqi majoziydan ishqi ilohiyga nisbat berish yetakchilik qiladi. Shu o‘rinda, ikkilamchi ma’nosi – Alloh tomonidan amalga oshiriladigan ulug‘ hisob kunining tongi oldidan Haq oshig‘i bo‘lgan solihning ahvoli-ruhiyasidir. Chunki shayxu shoir Haziniy to‘raning ruhiy olami va kamoloti shunga dalolat qiladi.
M. Sulaymonov, O‘zA