Farg‘ona: pillachilik rivoji yo‘lida
Farg‘ona viloyati tutchilik va pillachilik bo‘yicha respublikada o‘z o‘rniga ega. bugungi kunda viloyatda “Nurli tong silk”, “Beshariq ipagi”, “Dangara ipagi”, “Silk world business”, “Uchko‘prik ipagi” mas’uliyati cheklangan jamiyati, “Vodil ipak yigiruv” sho‘’ba korxonasi kabi oltita pillachilik klasteri faoliyat ko‘rsatmoqda.
Mazkur pillachilik klasterlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida 7,5 million AQSH dollarlik ipak mahsulotlari eksport qilingan. 2022 yilda viloyatda 39 ming 168 quti ipak qurti tarqatilib, 2 ming 240,7 tonna pilla hosili yetishtirildi. 2023 yilda viloyatda 41 ming 187 quti ipak qurtini parvarishlab, 2 ming 389 tonna pilla yetishtirish rejalashtirilgan. Ipak qurti parvarishiga joriy yilda 97 ming nafar fuqarolarning bandligi ta’minlandi.

E’tiborlisi, viloyatda parvarishlanadigan ipak qurti urug‘lari 2017 yildan buyon “Farg‘ona tut ipak qurti urug‘chilik korxonasi” va “Marg‘ilon muqobil ipak qurti urug‘chilik” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarida tayyorlanadi. Ushbu korxonalarda joriy yilda 60 ming quti ipak qurti tayyorlanishi rejalashtirilgan. Ipak qurtining naslli zotlari esa asosan “Farg‘ona pilla naslchilik” mas’uliyati cheklangan jamiyatida tayyorlanadi.
– Ipakchilikda ozuqa bazasi muhim o‘rin tutadi, – deydi viloyat “Agropilla” mas’uliyati cheklangan jamiyati boshqaruv raisi Maqsudjon Qosimov. – Hozirda viloyatimizda 3 ming 692 gektar tutzorlar mavjud. 275 gektar eskirgan tutzorlarda reja asosida qaytadan rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, Farg‘ona tumanida “Vodil ipak yigiruv” sho‘’ba korxonasining yordamchi tutchilik xo‘jaligi mavjud. Ushbu tutchilik xo‘jaligi viloyatning barcha shahar-tumanlariga tut ko‘chatlari yetkazib beradi. Joriy yil kuz-qish mavsumida barcha shahar-tumanlarda yangi intensiv tutzorlar barpo qilish ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, viloyatdagi mavjud tutzorlar to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, uning natijasiga ko‘ra viloyatda 3,7 ming gektar tutzor va 23,8 million tup yakka qator tut daraxti mavjudligi aniqlandi.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, viloyatdagi mavjud 3 ming 692 gektar maydondagi tutzorlar 14 ming 771 nafar aholiga 4 mavsum ipak qurti boqib, pilla yetishtirish imkonini bermoqda. Bundan tashqari, tutzor qator oralaridan ikkilamchi foydalanish orqali aholi daromadlarini yanada oshirish uchun oilaviy pudrat shartnomasi asosida 10-30 sotixdan biriktirib berilmoqda.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Farg‘ona viloyatida 13 million 485 ming dona tut ko‘chatlari ekilgan. Ayni kunlarda 1 million 190 ming tup tut ko‘chatlari ekildi va bu ish davom ettirilmoqda. Har bir tumanda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tut ko‘chatlari ekishga bag‘ishlangan seminarlar o‘tkazilmoqda.
M.Sulaymonov,
O‘zA