Farg‘ona mahallalarida hashar hamjihatlikda o‘tmoqda
FOTOREPORTAJ
Erta tongdan Farg‘ona shahri ko‘chalari bo‘ylab aholini “Mahalla obod - yurt obod” shiori ostidagi umumxalq hashariga chorlagan karnay-surnay sadolari ezgu va xayrli ishga xayrixoh farg‘onaliklarni bir maqsad atrofida birlashtirdi.
Shahardagi O‘rmonchilar mahallasi ahli azaldan birdamlikni xush ko‘radi. Har ishda birlashib maqsadga yetgan mahalladoshlar davlatimiz mustaqilligining 33 yillik tantanalari oldidan o‘tkazilayotgan umumxalq xayriya hasharida ham faol bo‘lishni istadi.
Mahallaning keksa-yu yoshi tong sahardan o‘zi yashaydigan xonadon, ko‘cha va guzarni obod qilishga kirishdi. Bu jarayon yurt obodligi yo‘lidagi mehnat bayramiga aylandi. Bunday diydorning zavqi bo‘lakcha.
[gallery-18884]
Farg‘ona mahallalarida xalqimizga xos birdamlik, hamjihatlik, topganini qo‘ni-qo‘shni, mahalladoshlar bilan baham ko‘rishdek xayrli harakatlar hashar kuni yanada jonlandi. Mahalladagi mavjud barcha ko‘chalar, xonadonlar obod qilindi. Daraxtlarga shakl berildi. Ariq va zovurlar qirg‘oqlari, hududdagi turli tashkilot, muassasalar atrofi tozalandi.
Shuningdek, yakka-yolg‘iz, boquvchisini yo‘qotgan mahalladoshlarning yashash manzillari ham tartibga keltirildi. Nogironligi bor, ehtiyojmand, atrofdagilar ko‘magiga muhtoj oilalar xolidan xabar olindi. Mahalla qabristoni obodonlashtirildi. Katta qozonda erta tongdan hasharchilar uchun osh damlanib, uning bir qismi mahalladagi ehtiyojmand oilalarga tarqatildi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA