Farg‘ona jadidlarining ma’naviy otasi
O‘tgan asrda qatag‘on qilingan yuz minglab yurtdoshlarimizning orasida qanchadan qancha xalq ziyolilari bor edi.
Ular ona yurtga yangi va porloq hayot istab, millat tafakkurini uyg‘otishga uringani uchun ayovsiz jazolangani alamli haqiqat sifatida tarixda qolgan.
Buyuk ma’rifatparvarlarimizning mustabid tuzum qattollari tomonidan atay yo‘q qilinishi zamirida ikki Uyg‘onishni bunyod eta olgan xalq, millat vakillarining ulug‘vor sa’y-harakatlariga yo‘l bermaslik iddaosi yotganini barchamiz yaxshi bilamiz. Ota-bobolarimizning yangi Uyg‘onish haqidagi orzulari hali kurtakligidayoq yanchilgan, ochiq va nurli ko‘zlar qumga to‘ldirilgan zolim yillar o‘tdi. Ayni davrda Uchinchi Renessans poydevorini qo‘yishga intilayotgan Yangi O‘zbekistonning bugungi kuni, yaqin istiqboldagi qiyofasini ko‘rib, agar mustamlaka tuzumining qatag‘on siyosati bo‘lmaganida, bugun biz ulkan orzu-maqsadlar, yorug‘ tashabbuslar bilan intilayotgan yangi Uyg‘onishga jadid bobolarimizning o‘zi erishgan bo‘lardi, degan haqli fikr xayolimizdan o‘tadi.
Butun umrini el-yurtimiz, millatimizni ma’rifatli va madaniyatli qilishga baxsh etgan, pirovardida, «xalq dushmani» degan qora tamg‘a bilan qatag‘on qurboni bo‘lgan zotlar xotirasini munosib qadrlash, ularning nomini abadiylashtirishga qaratilgan ezgu ishlar orqali tarixiy adolat va haqiqat qaror topmoqda.
Yetuk ma’rifatparvar shoir Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqat siymosida el-yurt ma’rifati, yuksak ma’naviyatini, milliy tafakkurini boyitish yo‘lidagi ulkan jon fidolikni ko‘ramiz. Yurtning fidoyi farzandiga Prezidentimiz tomonidan «Farg‘ona jadidlarining ma’naviy otasi», deya ta’rif berilishi uning xalq va millat oldidagi yorug‘ yuzi, sharafli sa’y-harakatlarining bahosi hamdir. Endilikda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan shoir ijodini keng ommalashtirish yo‘lidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilishi, Qo‘qon shahri markazidagi Furqat bog‘ida shoir haykalining o‘rnatilishi ona Vatanning vatanparvar va millatsevar o‘g‘liga bo‘lgan chinakam ehtiromi, mehrining ifodasi bo‘ladi, albatta.
Tarix qatlariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, taraqqiyparvar shoir, mutafakkir sifatida shuhrat qozongan Farg‘ona farzandi yurt ahlini turli zulm va qarshiliklar, siyosiy va huquqiy bilimsizliklar girdobidan qutqarishga intilgan ma’rifiy yetakchiga aylangan. O‘z ona tilining mohir bilimdoni bo‘lish barobarida fors, arab, rus tillarida mahorat bilan so‘zlagan. Uning «ko‘p o‘qimak, ilm olmak»ka qaratilgan da’vatlari mamlakat ahlining yangi dunyo sari qo‘l cho‘zishga undagani ayni haqiqatdir.
Aytish kerakki, bobomiz Farg‘ona zaminida ijodkor sifatida to‘la shakllanib, o‘z g‘azallariga «Furqat» taxallusini qo‘yadi. Shoirning ijodiy ishlarida uning o‘zigagina xos bo‘lgan xalqchil dunyoqarash muhim o‘rin tutadi. Uning she’riyatida mustamlaka tuzumining illatlarini qoralash, mavjud adolatsizlik va zo‘ravonlikdan, huquqsizlik va nochor hayotdan, oddiy xalqning ma’naviy-ma’rifiy qoloqlik botqog‘idan qutulolmay qiynalayotganidan og‘rinish hissi yashaydi. Qolaversa, ayrim nodonlarning zamona olqishiga erishib, ilm ahlining abgor bo‘lishi kuchli badiiy bo‘yoqlar orqali, ta’sirchan aks ettiriladi. U birgina «Sayding qo‘yaber, sayyod…” musaddasi orqali shaxsning erkin yashash huquqini himoya qilgani, zulm va istibdodni qat’iy qoralagani uchun ne balolarga mubtalo bo‘ldi shoir.
Furqat o‘zbek matbuoti tarixida feleton janrini boshlab bergan, o‘ziga xos publitsistik maktab yaratgan ijodkor sifatida ham nom qozongan. O‘zining barkamol lirikasi, jozibali nasri va publitsistikasi bilan 19-asr oxiri va 20-asr boshlaridagi milliy adabiyotimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ma’rifatparvar bobomizga Furqat taxallusi abadiy taqdir bo‘lib qoldi. Millatning istibdod girdobidan qutulmog‘ini, ozodlikka erishmog‘ini istagan shoir yuragidagi so‘nmas og‘riqlarini
«Vatanning ishtiyoqin tortaram g‘urbat g‘ami birla,
Turubdurman qutulmay g‘ussayu ranju inolardin»
satri ham so‘zlamoqda. U chor hukumatining mustamlaka siyosatiga zid asarlarini chet ellarda yurib bitdi, alaloqibat, Vatanidan ayro – Yorkend tuprog‘iga ona yurt sog‘inchi va cheksiz muhabbati bilan dorilbaqoga yuzlandi. Ming shukurki, jisman Vatandan nari, qalban va ruhan Vatan bilan birga bo‘lgan jadidning yoniq chiqishlari, o‘tli satrlari, ma’rifiy bonglari xalqimizga qaytdi va hamon ilm-ma’rifatga tashna, milliy o‘zlikka sadoqatli qalblar uchun yorug‘ mash’al bo‘lib xizmat qilayotir.
Bugun ma’rifatparvar bobomiz kutgan, intilgan zamonlar keldi. Ikki Uyg‘onishni yaratishga munosib hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimizning bugungi avlodlari Yangi O‘zbekistonda yangi Renessansni bunyod etish shahdi va shijoati bilan yashamoqda. Bu ulug‘vor yo‘lda yurtimiz milliy jadidchilik harakatining yetakchilaridan biri bo‘lgan Furqatning quyidagi satrlari bizning ilm deb atalmish ulkan kuchga bo‘lgan ishonchimizni yanada mustahkamlaydi va ilm-ma’rifat mash’alini yanada baland tutishga undaydi.
Jahon bastu kushodi — ilm birla!
Nadur dilni murodi — ilm birla!
Ko‘ngullarni sururi — ilmdandur!
Ko‘rar ko‘zlarni nuri — ilmdandur!
Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,
Farg‘ona davlat universiteti rektori,
pedagogika fanlari doktori, professor.