Farg‘ona: ezgu maqsadlarning amaliy samaralari
Davlatimiz rahbarining viloyatlarga tashrifi xalqimiz tomonidan doimo iliq kutib olinadi, sababi aholi hayoti bilan tanishiladi, ko‘plab loyihalar, ishlab chiqarish korxonalari o‘z faoliyatini boshlaydi. Natijada fuqarolarimiz ish o‘rniga ega bo‘lib, bandligi ta’minlanadi. Prezidentimizning Farg‘onaga tashrifi samarali bo‘ldi, desak yanglishmaymiz.
Farg‘ona viloyatida so‘nggi yillarda barcha sohalarda salmoqli natijalarga erishilayotganini yaqqol ko‘rish mumkin. Birgina xizmat sohasining o‘zida o‘tgan yilda 3,3 trillion so‘mlik 1 ming 611 ta loyihalar ishga tushirildi. Hududiy korxonalar tomonidan 786,4 million dollarlik sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti amalga oshirildi.
Bu galgi Prezidentimizning Farg‘onaga tashrifi doirasida Qo‘shtepa tumanidagi “Global textile infinity” klasterining to‘qimachilik korxonasi ishga tushdi. Bu yerda paxta yetishtirish va uni qayta ishlashning to‘liq jarayoni yo‘lga qo‘yilgan. 132 million yevro evaziga katta fabrika tashkil etilib, Shveysariyaning Rieter machine works uskunalari o‘rnatildi. Mazkur korxonada 3 ming nafarga yaqin ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlanadi.
Yaqin yillarda ham Qo‘shtepa tumani qizil hududga kiritilib, iqtisodiy ko‘rsatkichlari past bo‘lgan edi, endilikda esa tumanda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 1 trillion so‘mdan oshdi.
Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahrida “Art soft ceramics” yirik ishlab chiqarish korxonasi yiliga qariyb 3 million kvadrat metr keramogranit mahsulotlar tayyorlash quvvatiga ega. Ayni paytda bu yerda 350 nafar ishchi va mutaxassis mehnat qilmoqda. Mahalliylashtirish darajasi 100 foiz bo‘lgani bois tovarlar xorijnikidan ancha arzon narxlarda bozorga chiqarilmoqda. Shuningdek, ularning 35 foizi Rossiya, Qirg‘iziston va Tojikistonga eksport qilinishi rejalashtirilmoqda. Bu esa o‘z navbatida bir vaqtlar o‘zining chinni mahsulotlari bilan dunyoga dong‘i taralgan Quvasoy shahrining yangi istiqbolini belgilaydi.
Umuman olganda, Farg‘ona viloyatining qaysi tumaniga bormang, o‘ziga xos ishlab chiqarish, hunarmandchilik yo‘nalishlari, sanoat rivojlanishi yoki qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish, bog‘dorchilik rivojlanganligiga guvoh bo‘lasiz. Misol uchun, Quva o‘zining anorlari bilan dunyoga dong taratgan bo‘lsa, Oltiariq shirindan shakar uzumlari bilan mashhur. Ko‘hna Marg‘ilonda esa ipakchilik sanoati rivojlangan.
Vodiyning gavhari Marg‘ilon qadimiy shaharlardan biridir. Marg‘ilonda hunarmandchilik IX asrdan boshlab keng tarqalgan. Marg‘ilon tarixda hunarmandlar shahri sifatida ham dong taratgan. Xitoyliklardan ipak yetishtirishni o‘zlashtirish va uni dunyoga yoyish ham ana shu shahar tarixi bilan bog‘liq. Bu yerda tayyorlangan ipak matolar nafaqat yurtimizda, balki dunyo bozorlarida ham nihoyatda e’zozlanadi. Darvoqe, to‘qimachilik va ipak to‘qish sanoati - dastgohlar ham ilk bor shu shaharda paydo bo‘lgan. Bu yerda hunarning biror turi yo‘qki marg‘ilonliklar shug‘ullanishmagan bo‘lsin. Marg‘ilonlik hunarmandlar tayyorlagan go‘zal, bejirim, didingizga mos buyumlarini, matolarini ko‘raman desangiz shahar ko‘chalari, bozorlaridagi rastalarni bir-bir aylaning. Ana shunda nihoyatda chiroyli, milliy an’analar asosida to‘qilgan adras, banaros, beqasam, atlas, shoyi, duxobalarning o‘nlab xillari ko‘z oldingizda namoyon bo‘ladi. Xalqimizning ijodkorligi, yaratuvchiligiga tan berasiz. Marg‘ilon shahridagi “Oltin ipak karvonsaroyi” turistik markazi yangi inshootlardan biri. Bu maskan o‘zbek hunarmandchiligini jahonga targ‘ib etish, sayyohlik salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega. Majmuaning birinchi qavatida gilamdo‘zlik, kashtachilik, misgarlik kabi xalq hunarmandchiligi xonalari joylashgan.
Prezidentimiz mazkur turistik markazda bo‘lib, u yerdagi hunarmandlarimizning mehnatiga yuksak baho berdi.
Bugun farg‘onaliklar ulkan maqsadlar, ezgu niyatlar bilan mehnat qilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan tashrif doirasida belgilab berilgan vazifalar yangi imkoniyatlar eshigining ochilishiga, investitsiyalarning kirib kelishiga hamda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilib, aholining turmushi darajasi oshishiga zamin yaratadi.
Dilbar Mamajonova,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati