O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov ishtirokida Farg‘ona davlat universitetida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda pedagogika fanlari doktori Bahodirjon Shermuhammadov universitet rektori etib tanishtirildi.
Tadbirda mamlakatimizda oliy ta’lim tizimidagi islohotlar, xususan, universitetning yaqin 4 yillikdagi faoliyati hamda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarining bugungi kundagi holati chuqur muhokama etildi.
-Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, oldimizda turgan g‘oyat dolzarb ishlarni o‘zimiz qilmasak, hech kim bizga chetdan kelib qilib bermaydi. Bugun yangi tayinlangan rektor va jamoa oldida juda muhim vazifalar turibdiki, tez orada Farg‘ona davlat universiteti nomi Markaziy Osiyoda jaranglashi lozim. Siz yetishtirayotgan kadrlar zamon talablariga javob bera oladigan, kerak bo‘lsa, universitet nomini jahonga brend sifatida tanitadigan darajada bilimga ega bo‘lishi kerak, – dedi Prezident maslahatchisi.
Bahodirjon Shermuhammadovich Shermuhammadov - 1973 yilda Farg‘ona viloyati, Rishton tumanida tug‘ilgan. U Toshkent davlat pedagogika instituti va Toshkent moliya institutini tamomlagan.

Pedagogika fanlari doktori, dotsent.
1996-2002 yillarda Toshkent davlat pedagogika institutida turli lavozimlarda mehnat qilgan.
2002-2006 yillarda Toshkent shahar Yakkasaroy tuman hokimligi bosh mutaxassisi, iktisodiyot bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. 2006-2009 yillarda Toshkent davlat pedagogika universiteti doktoranti bo‘lgan.
2009-2011 yillarda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha prorektori, 2011-2017 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi sho‘’ba bosh mutaxassisi, 2017-2018 yillarda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari o‘rinbosari bo‘lib faoliyat yuritgan.
2018-2019 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida ishlagan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining yoshlar, ma’naviyat va ma’rifat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib faoliyat olib borgan.
2020–2021 yillarda Toshkent kimyo-texnologiyalari institutini yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori bo‘lgan.
B.Shermuhammadov tez orada universitet natijalari har jabhada yuqori darajalarga ko‘tarilishiga va yakdillikda ko‘zlangan rejalarga erishishga ishonch bildirdi.
Uchrashuv so‘ngida Farg‘ona davlat universitetini Markaziy Osiyo drayveriga aylantirish borasidagi maqsad va vazifalar, universitetning 5 yilga mo‘ljallangan rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha chora-tadbirlar o‘zaro kengashib olindi.
M.Sulaymonov, O‘zA